
Skoda kompaniyasi tarixidagi eng yirik elektromobil – yangi Skoda Peaq krossoverini ishlab chiqmoqda. Model 2027-yilda Yevropa bozorida taqdim etiladi.
Yangi flagman model brend tarixida eng katta avtomobil bo‘ladi. U hozirgi Skoda Enyaq modelidan ham yuqoriroq segmentga joylashadi. Peaq uzunligi qariyb 4,9 metrni tashkil etadi. Bu esa uni Skoda Kodiaq dan ham kattaroq qiladi. Uzaytirilgan baza hisobiga salon keng bo‘ladi. Xaridorlar 5 yoki 7 o‘rindiqli variantni tanlay oladi.
Bagaj hajmi, ayniqsa, katta bo‘ladi. 5 o‘rindiqli versiyada u 1000 litrdan oshadi. Bu modelni oilaviy safarlar uchun qulay qiladi. Texnik jihatdan avtomobil ikki xil batareya bilan taklif qilinadi. Ularning sig‘imi 63 va 91 kVt/soat bo‘ladi. Maksimal yurish zaxirasi 600 km dan oshadi. Tezkor zaryadlash orqali batareya 30 daqiqada 10 foizdan 80 foizgacha to‘ldiriladi.

Motor variantlari orasida orqa va to‘liq privodli versiyalar bo‘ladi. Eng kuchli modifikatsiya 0 dan 100 km/soat tezlikka 6,7 soniyada chiqadi. Peaq modelida bir qator yangi texnologiyalar paydo bo‘ladi. Jumladan, oynayuvgichga integratsiya qilingan purkagichlar, elektroximik panoram tom va yashirin eshik tutqichlari qo‘llanadi. Shuningdek, katta ekranli yangi multimedia tizimi o‘rnatiladi.
Salonida esa massajli o‘rindiqlar, premium audio tizim va dam olish rejimlari bo‘ladi. Bu esa Skoda’ning premium segmentga yaqinlashayotganini ko‘rsatadi. Yangi model kompaniya uchun muhim loyiha hisoblanadi. Elektromobillarga talab oshayotgan bir paytda Peaq Skoda’ning Yevropadagi pozitsiyasini mustahkamlashi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Skoda yangi Superb gibrid modelini namoyish qilgani haqida yozgan edi.