Xiaomi SU7 elektromobili 40 mingdan ortiq buyurtma oldi

3-aprel 2026 08:14 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Xiaomi SU7 elektromobili 40 mingdan ortiq buyurtma oldi
Foto: Xiaomi

Xiaomi kompaniyasining yangi Xiaomi SU7 elektromobili qisqa vaqt ichida 40 mingdan ortiq rasmiy buyurtma yig‘di. Bu haqda kompaniya rahbari Lei Jun ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yil mart oyida Xiaomi Auto jami 20 mingdan ortiq avtomobillar yetkazib berdi. Shundan 7 mingdan ortig‘i aynan SU7 modeliga to‘g‘ri keladi. Bu model 23-martdan boshlab mijozlarga yetkazila boshlagan. Qisqa muddat ichida yuqori sotuv natijalari SU7 modelining bozorga muvaffaqiyatli kirib kelganini ko‘rsatmoqda. Bunga kompaniyaning kuchli brendi va agressiv strategiyasi sabab bo‘lmoqda.

Shu bilan birga, avval juda talab yuqori bo‘lgan Xiaomi YU7 modeliga qiziqish biroz pasaygani kuzatilmoqda. Oldin bu model uchun navbat 33 haftadan 56 haftagacha yetgan bo‘lsa, hozir 7 haftadan 14 haftagacha qisqargan. Bu esa buyurtmalar kamayganini anglatadi.

Foto: Xiaomi

Kompaniya faqat bitta modelga tayanib qolmaslik uchun strategiyasini kengaytirmoqda. Shu maqsadda Xiaomi Auto avtomobil savdosi yo‘nalishini kuchaytirdi va Kong Yanshuangni ushbu yo‘nalishga rahbar etib tayinladi. 2026-yilda kompaniya 4 – 6 ta yangi model chiqarishni rejalashtirmoqda. Ular sedan va SUV segmentlarini qamrab oladi. Shuningdek, 5 va 7 o‘rindiqli variantlar ham bo‘ladi. Narxlar taxminan $29 mingdan $79,7 minggacha bo‘lishi kutilmoqda.

Yangi modellardan biri SU7 Executive versiyasi bo‘lib, u uzunroq kuzov bilan chiqadi. Shuningdek, arzonroq SU5 elektromobili ham rejalashtirilgan. SUV segmentida esa yuqori quvvatli YU7 GT versiyasi taqdim etiladi. Bundan tashqari, yangi YU5, YU7 extended va YU9 modellari ishlab chiqilmoqda. Ular uzoq masofaga mo‘ljallangan gibrid tizim bilan jihozlanadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xiaomi Auto mart oyida 20 mingdan ortiq elektromobil yetkazib bergani haqida yozgan edi.

Shuningdek