Xiaomi tungi ko‘rish funksiyasiga ega SI kamerani taqdim etdi

3-aprel 2026 13:41 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Foto: Xiaomi

Xiaomi kompaniyasi yangi Smart Camera 4 Max AI Zoom Edition nomli aqlli uy kamerasini taqdim etdi. Bu haqda Gizmochina nashri xabar berdi.

Yangi kamera ikki modul bilan jihozlangan: 12 MP teleobyektiv (avtofokus bilan) va 8 MP ultra keng burchakli kamera (127 gradus ko‘rish burchagi). Qurilma 3 karra optik va 12 karra gibrid zoomni qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, unda rangli tungi tasvir olish imkoniyati va to‘liq qorong‘ida ishlovchi infraqizil yoritqichlar mavjud.

Qurilmaning asosiy ustunligi – sun’iy intellekt asosidagi kuzatuv tizimi. Kamera bolalar, keksalar va uy hayvonlarini kuzatib, yiqilish, uzoq vaqt harakatsizlik yoki noodatiy holatlarni aniqlay oladi. Eng qiziqarli jihati, u bolaning dars qilayotganini yoki chalg‘iyotganini ham farqlay oladi.

Foto: Xiaomi

Bundan tashqari, qurilmada matn orqali qidiruv funksiyasi mavjud bo‘lib, kerakli videoni kalit so‘zlar orqali tez topish mumkin. Kamera ikki tomonlama aloqa uchun mikrofon va karnay bilan ham jihozlangan.

Texnik jihatdan qurilma 360 gradus gorizontal va 180 gradus vertikal aylanish imkoniyatiga ega, Wi-Fi 6 ni qo‘llab-quvvatlaydi hamda Mi Home va HyperOS tizimlari bilan integratsiyalashgan. Ma’lumotlar xavfsizligi uchun maxsus shifrlash chipi va maxfiylikni ta’minlovchi yopiladigan kamera qopqog‘i mavjud.

Qurilma microSD (256 GB gacha), bulut yoki NAS orqali ma’lumot saqlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Narxi taxminan $110 – 115 etib belgilangan bo‘lib, sotuvlar 8-apreldan boshlanishi kutilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xiaomi SU7 elektromobili 40 mingdan ortiq buyurtma olgani haqida yozgandi.

Shuningdek