
O‘zbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindarov Kiprda bo‘lib o‘tayotgan Nomzodlar turnirining yettinchi turida niderlandiyalik Anish Giri bilan durang o‘ynadi. Ushbu natijadan so‘ng u birinchi davra yakuniga ko‘ra 6 ochko jamg‘arib, yetakchilikni mustahkamladi.
Yettinchi turda oq donalarda harakat qilgan Sindarov partiya davomida kichik ustunlikka erishdi, biroq raqib pozitsiyani tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi. Birinchi davra yakunlariga ko‘ra, 20 yoshli grossmeyster hisobida 5 ta g‘alaba va 2 ta durang mavjud.

Turnir jadvalida uning eng yaqin ta’qibchisi amerikalik Fabiano Karuana bo‘lib, u 4,5 ochko to‘plagan. Uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarni mos ravishda 3,5 ochkodan jamg‘argan Anish Giri hamda Pragnanandha Rameshbabu egallab turibdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 7 imkoniyatdan 6 ochko olish Nomzodlar turnirlarining hozirgi formati, 2013-yildan keyingi tarixida qayd etilgan eng yaxshi start hisoblanadi.

Avvalgi musobaqa g‘oliblari, jumladan, Magnus Karlsen (2013), Fabiano Karuana (2018) va Yan Nepomnyashchy (2021, 2022) butun turnir, ya’ni 14 tur davomida jami 5 ta atrofida g‘alabaga erishgan. Sindarov esa bu ko‘rsatkichga faqatgina birinchi davraning o‘zidayoq erishib, turnir tarixidagi noyob rekordni o‘rnatdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Javohir Sindarov FIDE nomzodlar turnirida uchinchi g‘alabasini qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edi.