Homilador ayol bir kunda qancha uxlashi kerak

6-aprel 2026 14:09 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Homilador ayol bir kunda qancha uxlashi kerak
Foto: Pexels

Homilador ayol uchun homiladorlik davrida uyqu nafaqat dam olish, balki ona va bola salomatligi uchun muhim omil hisoblanadi. Shifokor Zamira Usmonova bu haqda video e’lon qildi.

Mutaxassislar homilador ayollarga kuniga kamida 7 – 9 soat uxlashni tavsiya etadi. Ayniqsa, bu talab homiladorlikning ikkinchi va uchinchi trimestrlarida yanada dolzarb bo‘ladi.

Uyqu vaqtida ayol organizmi tiklanadi. Asab tizimi tinchlanadi, stress darajasi pasayadi va tana energiya bilan to‘yinadi. Bu jarayonlar bevosita homilaning rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ona organizmi yaxshi dam olganida qon aylanishi yaxshilanadi, kislorod almashinuvi faollashadi va bu bola uchun zarur ozuqa moddalarning yetib borishini ta’minlaydi.

Shifokorning ta’kidlashicha, yetarli uyqu bolaning organlari va tizimlari to‘g‘ri shakllanishida muhim rol o‘ynaydi. Uyqusizlik esa aksincha, stress gormonlarining ortishiga olib kelib, bu homilaga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Homiladorlik davrida ayollar ko‘pincha uyqu bilan bog‘liq muammolarga duch keladi. Qorin kattalashgani sayin qulay holatda uxlash qiyinlashadi, tez-tez uyg‘onish holatlari kuzatiladi. Shu sababli shifokorlar qulay yostiqlardan foydalanish, yonbosh holatda uxlash va kundalik rejimni tartibga solishni tavsiya qiladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri pensiya yoshidagilar uchun foydali mashg‘ulotlarni yozgan edi.

Shuningdek