
Geely kompaniyasining Geely Galaxy M9 krossoveri yangi versiyada taqdim etiladi. Model aprel oyi oxirigacha Xitoy bozorida sotuvga chiqishi kutilmoqda.
Yangilangan versiya dizayn va texnologiyalar bilan ajralib turadi. Avtomobil ikki rangli qora va oltin kuzovga ega bo‘ladi. Salon esa to‘q qizil rangda ishlangan. Eng muhim yangilik – haydovchiga yordam tizimida bo‘ladi. Avtomobil yangi G-Pilot H7 tizimi bilan jihozlanadi. U lidar sensori va 700 TOPS hisoblash quvvatiga ega chip bilan ishlaydi. Tizim mashinaga shahar va trassalarda mustaqil harakatlanish imkonini beradi.

Shuningdek, avtomatik parkovka va yuqori tezlikda to‘qnashuvdan qochish funksiyalari ham mavjud. Biroq haydovchi nazorati saqlanib qoladi.
Texnik jihatdan model o‘zgarishsiz qoladi. U 5,2 metr uzunlikdagi yirik krossover hisoblanadi. Standart versiyada 1,5 litrli turbo dvigatel va elektr motor ishlaydi. Yuqori komplektatsiyada esa qo‘shimcha elektr motorlar bilan umumiy quvvat 456 ot kuchiga yetadi.

Batareya sig‘imi 18,4 va 41,5 kVt/soat variantlarda taqdim etiladi. Elektr yurish zaxirasi 100 km dan 230 km gacha yetadi. Geely Galaxy M9 hozirgi kunda Xitoyda $26,7 mingdan $36,1 minggacha narxda sotilmoqda. Model brendning yangi energiya avtomobillari qatoridagi flagman hisoblanadi. Yangi versiya bilan kompaniya raqobatni yanada kuchaytirishni rejalashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Geely Galaxy A7 elektromobili rasman namoyish etilgani haqida yozgan edi.