12-aprel — Kosmonavtika kuni: Bayram tarixi va koinotga uchgan o‘zbek fazogirlar

10-aprel 2026 19:45 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir
Foto: SlashGear

1961-yil 12-aprelda Yuriy Gagarinning ilk parvozi bilan boshlangan yangi davr bugungi kunda butun dunyoda Xalqaro kosmonavtika kuni sifatida keng nishonlanmoqda.

Foto: BMT

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh Assambleyasi 2011-yili qabul qilgan rezolyutsiyaga muvofiq, 12-aprel sanasi butun dunyoda rasmiy bayram sifatida belgilangan. BMT ta’kidlashicha, kosmik tadqiqotlar bugungi kunda meteorologiya, navigatsiya va telekommunikatsiya kabi tarmoqlarning ajralmas qismi hisoblanadi.

Space Foundation ma’lumotlariga ko‘ra, jahon kosmik iqtisodiyotining yillik aylanmasi 2024-yilda $613 mlrd miqdorida baholangan bo‘lib, 2030-yilga borib bu ko‘rsatkich $1 trln chegarasidan oshishi kutilmoqda.

Foto: Instagram

Koinotni o‘zlashtirishda O‘zbekiston bilan bog‘liq jasur insonlarning xizmatlari alohida o‘ringa ega. 1942-yili Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida tug‘ilgan Vladimir Jonibekov kosmik kemalar komandiri sifatida 5 marta parvoz qilgan va bu kosmonavtika tarixidagi noyob rekordlardan biridir.

Foto: Instagram

Uning 1985-yilda muzlab qolgan va boshqaruvni yo‘qotgan «Salyut-7» orbital stansiyasini qayta tiklash amaliyoti insoniyat tarixidagi eng murakkab texnik operatsiyalardan biri sanaladi.

Foto: UzA

Kelib chiqishi o‘zbek bo‘lgan yana bir afsonaviy fazogir Solijon Sharipovdir. U 1998-yili AQShning Endeavour kosmik shattli tarkibida parvoz qilib, Rossiyaning Mir stansiyasiga borgan. Keyinchalik, 2004—2005-yillarda Soyuz TMA-5 kemasi komandiri sifatida Xalqaro kosmik stansiyaga ekspeditsiya uyushtirdi.

Foto: UzA

Solijon Sharipov 1964-yili 24-avgustda Qirg‘izistonning O‘zgan shahrida dunyoga kelgan. Millati o‘zbek hisoblanadigan fazogir koinotda jami 192 kundan ortiq vaqt o‘tkazib, murakkab montaj ishlari uchun ochiq kosmosga chiqqan.

Shuningdek