
Angliya Premyer-ligasining 32-turida «Chelsi» o‘z uyida «Manchester Siti»ni qabul qilib, 0:3 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Uchrashuvning birinchi taymi maydon egalarining ustunligida o‘tdi. Londonliklar ko‘plab hujumlar uyushtirgan bo‘lsa-da, Janluiji Donnarumma darvozasi daxlsiz qoldi. Ikkinchi taymda Pep Gvardiola shogirdlari o‘yin tizginini o‘z qo‘liga oldi.
51-daqiqada Rayan Sherki qanotdan uzatgan to‘pni jarima maydonchasida paydo bo‘lgan Niko Oreyli boshi bilan darvozaga joylab qo‘ydi. Oradan 6 daqiqa o‘tib yana Rayan Sherki jarima maydoniga to‘p uzatdi. Bu safar «shaharliklar»ning boshqa himoyachisi Mark Gehi aniq zarba bilan hisobni 0:2 ga oshirdi.
68-daqiqada «Chelsi» yarim himoyachisi Moyzes Kaysedo xatoga yo‘l qo‘ydi. Ushbu xatodan Jeremi Doku unumli foydalanib, uchrashuvda yakuniy hisobni o‘rnatdi. «Manchester Siti»ning o‘zbekistonlik himoyachisi Abduqodir Husanov uchrashuvda to‘liq harakat qildi. Sofascore portali Husanovning o‘yinini 7,6 ballga loyiq ko‘rdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Husanov mart oyining eng yaxshi futbolchisi bo‘lgani haqida xabar bergan edi.