
Xitoyda Changan kompaniyasining yangi Changan Nevo Q06 modeli rasman ro‘yxatlarda paydo bo‘ldi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.
Model o‘rta o‘lchamli SUV segmentiga kiradi. Uning uzunligi 4 837 mm, g‘ildirak bazasi esa 2 940 mmni tashkil etadi. Avtomobil 5 o‘rindiqli bo‘lib, zamonaviy dizayn va sport elementlari bilan ajralib turadi.

Nevo Q06 bir nechta motor variantlariga ega bo‘ladi. Elektr versiyalarda 210 kW va 225 kW quvvatli motorlar mavjud. Eng kuchli variantda esa ikki motorli tizim qo‘llanadi. Bunda umumiy quvvat 400 ot kuchidan oshadi. Maksimal tezlik 200 – 230 km/soatga yetadi. Gibrid (EREV) versiyada esa qo‘shimcha 1,5 litrli benzin dvigatel mavjud. U generator sifatida ishlaydi va avtomobilning yurish masofasini oshiradi.

Model zamonaviy 800V platformasiga asoslanadi. Tezkor quvvatlash va yangi avlod batareyalar qo‘llanadi. Ayrim versiyalarda natriy-ion batareya texnologiyasi ham bo‘lishi mumkin. Avtomobil dizaynida ko‘plab opsiyalar mavjud. Jumladan, panoramali tom, LiDAR sensor, turli disk variantlari va qoraytirilgan oynalar taklif etiladi.
Narxlar hali rasman e’lon qilinmagan. Ammo model 200 ming yuan atrofidagi segmentga mo‘ljallanishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Changan Deepal G318 avtomobili sotuvga chiqqani haqida yozgan edi.