
IKEA hamda Chupa Chups birgalikda maydalangan go‘sht ta’miga ega (frikadella) cheklangan turdagi tayoqchali konfetlar ishlab chiqarishini e’lon qildi. Bu haqda IKEA rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Bu g‘oya dastlab 1-aprel hazili sifatida paydo bo‘lgan. IKEA ijtimoiy tarmoqlarda go‘shtli sharchalar ta’midagi konfetlar haqida kulgili e’lon bergan, ammo foydalanuvchilarning qiziqishi kutilganidan ham yuqori bo‘lgan. Natijada kompaniya ushbu hazilni haqiqiy mahsulotga aylantirishga qaror qilgan.
Yangi konfetlar IKEA’ning mashhur shved frikadellalari va brusnika sousidan ilhomlanib yaratiladi. Ular dunyo bo‘ylab IKEA do‘konlarida iyun oyidan boshlab paydo bo‘ladi. Umumiy hisobda bir million dona ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.
Biroq bu mahsulot sotuvga qo‘yilmaydi, tashrif buyuruvchilar uni faqat do‘konlarda bepul tatib ko‘rishlari mumkin bo‘ladi.
Loyiha mualliflariga ko‘ra, bu tashabbus brendlarning ovqatga bo‘lgan muhabbatini o‘ziga xos tarzda namoyish etadi. Ingka Group vakili Xavyer Kinones bu orqali oddiy hazil ham real g‘oyaga aylanishi mumkinligini ta’kidladi.
Chupa Chups tomoni esa bu hamkorlikni yangi ta’m orqali iste’molchilarni hayratda qoldirish imkoniyati sifatida baholamoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan IKEA yangi dizayndagi bluetooth-kolonkani taqdim etgani haqida yozgandi.