Anchelotti mendan Neymarni chaqirishimiz kerakmi, deb so‘radi — Braziliya prezidenti

16-aprel 2026 14:31 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir
Foto: MARCA

Braziliya prezidenti Luiz Inasiu Lula da Silva terma jamoa bosh murabbiyi Karlo Anchelotti bilan Neymarni Jahon chempionatiga chaqirish borasida suhbatlashganini ma’lum qildi. Davlat rahbari futbolchining jismoniy holati va xohishi asosiy ahamiyatga ega ekanini ta’kidlagan.

TV 247 telekanaliga bergan intervyusida prezident murabbiy bilan bo‘lib o‘tgan suhbat tafsilotlari haqida to‘xtalib o‘tdi. Braziliya rahbari futbolchi terma jamoada o‘ynashni xohlasa, o‘z ishiga professional yondashishi kerakligini ta’kidlagan.

«Anchelotti mendan Neymarni chaqirishimiz kerakmi, deb so‘radi. Men unga, agar u jismonan tayyor bo‘lsa, unda futbol salohiyati borligini aytdim», – dedi Lula da Silva.

Foto: Neymar Jr

Karlo Anchelotti 2025-yilning may oyida Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlanganidan beri Neymarni tarkibga jalb etmagan. Hujumchi so‘nggi bor 2023-yilning oktabr oyida Jahon chempionati saralashi doirasidagi Urugvayga qarshi o‘yinda maydonga tushgan va og‘ir jarohat olgan edi.

Jahon chempionati uchun yakuniy ro‘yxat 18-may kuni e’lon qilinishi kutilmoqda. Avvalroq Anchelotti L’Equipe nashriga bergan intervyusida Neymar o‘z jismoniy holatini isbotlashi uchun ikki oy vaqti borligini ta’kidlagan. Murabbiy terma jamoaga faqat 100 foiz tayyor o‘yinchilarni jalb etishini qat’iy ma’lum qilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Neymar «Santos» bilan shartnomasini uzaytirgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek