
Angliya Premyer-ligasining 34-turi doirasida «Manchester Yunayted» «Brentford»ni 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Natijada jamoa YChLda ishtirok etish imkoniyatini beruvchi uchinchi o‘ringa mustahkam joylashdi.
Uchrashuvning 11-daqiqasida jarima maydonchasiga uzatilgan to‘pni Kazemiro bosh bilan darvozaga joylab qo‘ydi. Birinchi taym yakuniga yaqin «qizil iblislar» tezkor qarshi hujum uyushtirdi. Bruno Fernandeshning uzatmasini Benjamin Sheshko golga aylantirib, hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi.
Kazemiro ushbu o‘yinda 11 marotaba to‘p olib qo‘yish amaliyotini bajarib, Premyer-liganing joriy mavsumdagi rekordini o‘rnatdi. Ikkinchi golga hammualliflik qilgan Brunu Fernandesh uzatmalari sonini 19 taga yetkazdi. U Tyerri Anri va Kevin De Bryuyne o‘rnatgan mutlaq rekordni takrorlashiga yana bitta uzatma talab etiladi.
«Manchester Yunayted» bosh murabbiy Maykl Karrik ikkinchi bo‘limda tizimni himoyaviy taktikaga o‘zgartirdi. «Brentford» ko‘plab xavfli vaziyatlarni yaratsa-da, faqat 87-daqiqada Matias Yensenning uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi orqali hisobni qisqartira oldi.

Turnir jadvalida mankuniyanliklar 61 ochko bilan uchinchi o‘rinni band etib turibdi. To‘rtinchi va beshinchi o‘rindagi «Liverpul» hamda «Aston Villa»da esa bir xil 58 ochkodan mavjud. «Brentford» jamoasi 9-o‘rinda qolmoqda va kelasi mavsum uchun Yevropa ligasi yo‘llanmasi doirasida kurashni davom ettirmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Benjamin Sheshkoning goli «Manchester Yunayted»ga safarda g‘alaba keltirgani haqida xabar bergan edi.