
Joriy yilning 18 – 24-may kunlari Qarshi shahrida Ismat Shukurov xotirasiga bag‘ishlangan Qarshi Open – 2026 V xalqaro shaxmat turniri bo‘lib o‘tadi. Bu haqda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi xabar bermoqda.
Shaxmat turnirining mukofot jamg‘armasi 321 mln so‘mni tashkil etadi. Turnirda ishtirokchilar reyting ko‘rsatkichlariga ko‘ra ikki toifaga ajratiladi. «A» guruhida reytingi 1800 va undan yuqori bo‘lgan shaxmatchilar g‘oliblik uchun bahslashsa, «B» guruhida reytingi 1999 va undan past bo‘lgan ishtirokchilar dona suradi.

Xalqaro maqomga ega mazkur turnirda qatnashish istagida bo‘lgan xorijlik shaxmatchilar 5-mayga qadar ariza topshirishlari lozim. Ishtirokchilarni ro‘yxatga olish jarayoni reg.uzchess.uz platformasi orqali amalga oshiriladi.
Musobaqa nizomi va tashkiliy masalalar bo‘yicha batafsil ma’lumotlar federatsiyaning rasmiy resurslarida e’lon qilingan. Tashkilotchilar barcha shaxmat ixlosmandlarini ushbu nufuzli xalqaro bahslarda qatnashishga taklif etadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Afruza Hamdamova shaxmatning rapid yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgani haqida xabar bergan edi.