Ko‘z nurini asrash yo‘llari: oddiy xatolar va yechimlar

30-aprel 2026 16:06 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir temirxanovasapura@gmail.com
Ko‘z nurini qanday asrash mumkin: oddiy xatolar va yechimlar
Foto: depositphotos

So‘nggi yillarda eng keng tarqalgan muammolardan biri «raqamli ko‘z sindromi» bo‘lib, u uzoq vaqt ekran qarshisida ishlash natijasida yuzaga keladi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda dunyoda har uch kishidan biri kuniga 6 soatdan ortiq vaqtni gadjetlar qarshisida o‘tkazadi. Amerika optometriya assotsiatsiyasi esa aholining qariyb 65 foizi ekran bilan bog‘liq ko‘z muammolariga duch kelayotganini qayd etdi. Ko‘zning qurishi, qizarishi, bosh og‘rig‘i va ko‘rishning xiralashishi ushbu sindromning eng asosiy belgilari. Shu bois Kursiv Uzbekistan bu muammo bilan qanday kurashish mumkinligi va ko‘z sog‘ligini saqlashning samarali usullarini o‘rganib chiqdi.

Ushbu maqoladan quyidagilarni bilib olasiz:

20-20-20 qoidasi: eng oddiy himoya usuli

To‘g‘ri yoritish va ish joyi

To‘g‘ri ovqatlanishning ko‘z sog‘lig‘iga ta’siri

Bolalar va ko‘z sog‘ligi

20-20-20 qoidasi: eng oddiy va samarali himoya usuli

Rasm: SI

Oddiy holatda inson bir daqiqada 15–20 marta ko‘zini yumsa, ekran qarshisida bu ko‘rsatkich deyarli ikki baravar kamayadi. Bu esa ko‘zning charchash, qurish va vaqtincha xiralashishiga olib keladi. Muammoni kamaytirish uchun eng ko‘p tavsiya qilinadigan usullardan biri 20-20-20 qoidasi.

Qoidaga ko‘ra, har 20 daqiqada kamida 20 soniya davomida 20 fut, ya’ni taxminan 6 metr uzoqlikdagi obyektga qarash kerak. Bu vaqt ichida ko‘z yaqin masofadan uzoqqa «o‘tadi» va mushaklar bo‘shashadi. Natijada ko‘zdagi zo‘riqish kamayadi va qon aylanish yaxshilanadi.

20-20-20 qoidasini yanada samarali qilish uchun bir nechta oddiy odatlarga ham amal qilish tavsiya etiladi. Masalan, uzoqqa qaraganda faqat ko‘z bilan emas, boshni ham biroz burish kerak. Shu bilan birga, imkon qadar deraza orqali tashqariga qarash foydaliroq bo‘ladi. Yashil rangli manzaralar ko‘z uchun ayniqsa tinchlantiruvchi ta’sir ko‘rsatadi.

Shuningdek, bu qoidani unutmaslik uchun telefon yoki kompyuterda eslatma qo‘yish mumkin. Ba’zi dasturlar hatto avtomatik ravishda ekranni qisqa vaqtga «to‘xtatib», foydalanuvchini tanaffus qilishga undaydi.

To‘g‘ri yoritish va ish joyi

Rasm: SI yordamida tahrirlandi / dell

Ish joyini tashkil etishda bir nechta muhim qoidalarga amal qilish tavsiya etiladi. Avvalo, monitor ko‘z darajasidan biroz pastroqda joylashishi kerak. Bu holatda ko‘z tabiiyroq holatda bo‘ladi va mushaklar ortiqcha zo‘riqmaydi. Ekran bilan ko‘z orasidagi masofa esa odatda 50–70 santimetr bo‘lishi lozim. Juda yaqin masofa ko‘zni zo‘riqtiradi, juda uzoq masofa esa diqqatni jamlashni qiyinlashtiradi.

Yoritish ham katta ahamiyatga ega. Ish joyidagi yorug‘lik juda kuchli bo‘lsa, ekran aks etadi va ko‘zni charchatadi. Juda xira bo‘lsa, aksincha, ko‘z ko‘proq harakat qiladi va tezroq toliqadi. Juda yorqin ekran qorong‘i xonada ko‘zga zarar beradi, xira ekran esa diqqatni zo‘riqtiradi. Zamonaviy qurilmalarda night mode yoki ko‘k nur filtrini yoqish ham foydali.

Yevropa oftalmologiya jamiyati ma’lumotlariga ko‘ra, noto‘g‘ri yoritilgan ish joyi ko‘z zo‘riqishini 30–40 foizga oshiradi. Bu esa uzoq muddatda ko‘rish qobiliyatining pasayishiga olib kelishi mumkin.

To‘g‘ri ovqatlanishning ko‘z sog‘lig‘iga ta’siri

Foto: medlatec

Ko‘z uchun eng muhim moddalar qatoriga vitamin A, C, E, shuningdek, omega-3 yog‘ kislotalari kiradi. Masalan, sabzi tarkibidagi vitamin A ko‘zning qorong‘ida ko‘rish qobiliyatini yaxshilaydi va ko‘z pardasini himoya qiladi. Ismaloq, brokkoli va boshqa yashil sabzavotlar esa lutein va zeaksantin moddalari bilan boy bo‘lib, ular ko‘zni zararli yorug‘likdan himoya qiladi.

Baliq mahsulotlari, ayniqsa losos, skumbriya va sardina kabi yog‘li baliqlar omega-3 manbai hisoblanadi. Bu moddalar ko‘zning qurishini kamaytiradi va ko‘z yuzasini nam holatda ushlab turadi. Tuxum esa bir vaqtning o‘zida bir nechta foydali moddalarni o‘zida jamlagan bo‘lib, ko‘rish tizimini qo‘llab-quvvatlaydi. Yong‘oqlar va urug‘lar esa E vitamini manbai sifatida ko‘z hujayralarini erkin radikallardan himoya qiladi.

Amerika milliy sog‘liq instituti ma’lumotlariga ko‘ra, muvozanatli ovqatlanish ko‘z kasalliklari xavfini 25 foizgacha kamaytirishi mumkin. Bu ayniqsa yosh o‘tishi bilan rivojlanadigan kasalliklar, masalan, makula degeneratsiyasi yoki katarakta uchun muhim hisoblanadi.

Shuningdek, suyuqlik iste’moli ham muhim. Yetarli miqdorda suv ichish ko‘zning qurib qolishining oldini oladi. Fastfud va ortiqcha shakar esa aksincha, organizmga zarar yetkazib, ko‘z salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda dunyoda 2,2 milliarddan ortiq odam turli darajadagi ko‘rish muammolari bilan yashaydi. Eng e’tiborlisi, ularning kamida yarmi oldini olish yoki o‘z vaqtida davolash mumkin bo‘lgan holatlar hisoblanadi.

Bu shuni anglatadiki, ko‘rish bilan bog‘liq muammolarning katta qismi oddiy profilaktika orqali bartaraf etilishi mumkin. Masalan, ko‘zoynak taqish, vaqtida operatsiya qilish yoki dori vositalaridan foydalanish orqali ko‘plab kasalliklarning oldini olish mumkin.

Bolalar va ko‘z sog‘ligi

Foto: hindustantimes

So‘nggi yillarda bolalar orasida ham ko‘rish muammolari sezilarli darajada ortib bormoqda. Bunga eng katta sabab gadjetlardan ortiqcha foydalanish va ochiq havoda kam vaqt o‘tkazish.

Xalqaro tadqiqotlarga ko‘ra, agar hozirgi tendensiya davom etsa, 2050-yilga borib dunyo aholisining yarmi miopiya bilan yashashi mumkin. Miopiya ayniqsa bolalik davrida tez rivojlanadi. Bola uzoq vaqt yaqin masofaga qarab o‘tirsa, ko‘z mushaklari shu holatga moslashib qoladi. Natijada uzoqni ko‘rish qobiliyati pasayadi.

Buning oldini olish uchun, avvalo, ekran qarshisida o‘tkaziladigan vaqtni kuniga 2 soatdan oshirmaslik kerak. Har 20–30 daqiqada tanaffus qilish, ko‘zlarni dam oldirish muhim. Bundan tashqari, bolalar kuniga kamida 1,5–2 soat ochiq havoda yurishi tavsiya etiladi.

Zamonaviy hayotda ekranlardan butunlay voz kechish qiyin. Bunda faqat oddiy odatlar, to‘g‘ri ovqatlanish va muntazam tekshiruvlar orqali ko‘rish qobiliyatini uzoq yillar saqlab qolish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda meningokokk infeksiyasi bilan bog‘liq holatlar biroz oshgani xabar qilingandi. «Sanepidqo‘mita» ma’lumotiga ko‘ra, 8 ming doza vaksina xarid qilindi.

Bemorlar bilan aloqada bo‘lgan 4,9 ming nafar fuqaro emlash bilan qamrab olindi. Emlash mumkin bo‘lmagan holatlarda fuqarolar shifokorlar nazoratida kimyoviy profilaktika oldi.

Shuningdek