«Chelsi»ning 111 million dollarlik futbolchisi to‘rt yilga futboldan chetlatildi

30-aprel 2026 17:43 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir sardor.orifovich@gmail.com
Mixaylo Mudrik / Foto: The Times

«Chelsi» klubi vingeri Mixaylo Mudrik topshirgan doping-testi ijobiy natija bergani ortidan Angliya futbol assotsiatsiyasi (The FA) tomonidan 4 yilga yashil maydondan chetlatildi. 2024-yilning dekabr oyida dastlabki diskvalifikatsiyani olgan 25 yoshli futbolchi qaror yuzasidan apellyatsiya bergan.

Mixaylo Mudrik so‘nggi bor «Chelsi» libosida 2024-yilning noyabr oyida UEFA Konferensiyalar ligasi doirasida maydonga tushgan edi. Shundan so‘ng, muntazam ravishda olinadigan peshop tahlilida taqiqlangan modda aniqlangani sababli uning faoliyati to‘xtatib qo‘yildi.

The FA rasmiy vakilining ta’kidlashicha, futbolchiga nisbatan assotsiatsiya aksildoping qoidalarining 3 va 4-bandlari asosida ayblov e’lon qilingan.

Foto: Harry Langer / Getty Images

Mudrikning advokatlari apellyatsiya arizasini kiritgan va tomonlar yozma ko‘rsatmalarni almashib bo‘lgan. Hozircha sud tinglovi sanasi belgilanmagan. «Chelsi» rahbariyati esa qonuniy jarayonlar to‘liq yakunlanmaguncha o‘zining yakuniy xulosasini e’lon qilmasligini bildirgan.

2024-yilda bergan bayonotida Mudrik bu holat u uchun «to‘liq shok» bo‘lganini va o‘zining «hech qanday yomon ish qilmaganini» ta’kidlagan. Bunga javoban «Chelsi» ichki surishtiruv ishlarini boshlagan hamda diskvalifikatsiya e’lon qilinganidan buyon o‘yinchiga asosiy jamoa bilan mashg‘ulot o‘tkazishni taqiqlab qo‘ygan.

Foto: Getty Images 

Ma’lumot o‘rnida, londonliklar Mudrikni 2023-yilda Donetskning «Shaxtyor» klubidan $111 mln evaziga xarid qilgan edi. U klub safida jami 73 ta o‘yinda maydonga tushib, 10 ta gol va 11 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Lazizbek Mullajonov antidoping qoidalarini buzganligi uchun uch yilga diskvalifikatsiya qilgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek