
Angliya Premyer-ligasining 35-turida «Manchester Siti» mehmonda «Everton» bilan 3:3 hisobida durang o‘ynadi. Uchrashuv davomida ikki to‘p farqi bilan ortda borgan manchesterliklar so‘nggi daqiqalardagina mag‘lubiyatdan qutulib qoldi.

Uchrashuvning 43-daqiqasida Jeremi Doku mehmonlarni oldinga olib chiqdi. Ammo ikkinchi bo‘limda «Everton» a’zolari Timo Barri va Jeyk Obrayen tomonidan kiritilgan gollar evaziga mezbonlar hisobda oldinga o‘tib oldi. Timo Barrining birinchi golida himoyachi Mark Gehi qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, uchinchi golli vaziyatda Abduqodir Husanov ofsayd chizig‘ini ushlashda adashdi.
«Manchester Siti» 83-daqiqada Erling Holand va 90+7-daqiqada Jeremi Dokuning gollari evaziga mag‘lubiyatdan qutulib qolishga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu bahsda o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov manchesterliklar safida to‘liq 90 daqiqa o‘ynadi. Sofascore portali uning uchrashuvdagi harakatlarini 6.6 ball bilan baholadi.

Turnir jadvalidagi hozirgi holatga ko‘ra, «Arsenal» 35 ta o‘yindan so‘ng 76 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. «Manchester Siti» esa 34 ta uchrashuvdan keyin 71 ochko to‘plagan holda ikkinchi o‘rinni band etib turibdi. Zaxirasida bitta o‘yin bo‘lishiga qaramay, Gvardiola shogirdlari chempionlik masalasida endilikda faqat o‘z natijalariga emas, balki «Arsenal»ning ochko yo‘qotishiga ham qaram bo‘lib qoldi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Chelsi» klubi Abduqodir Husanov vakillari bilan aloqaga chiqqani haqida xabar bergan edi.