Yangi Chevrolet Spark eng ko‘p sotilgan elektromobil krossoverga aylandi

10-may 2026 10:49 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Foto: Electrek

Chevrolet Spark EUV Braziliya bozorida eng ommabop elektr krossover sifatida rekord qayd etdi. General Motors tomonidan qayta taqdim etilgan model 2026-yilda sotuvga chiqarilganidan so‘ng qisqa vaqt ichida mamlakatdagi eng ko‘p sotilgan elektromobil SUVga aylandi.

Aprel oyining o‘zida model sotuvi 1 ming donadan oshib, kompaniya uchun yangi natija qayd etgan. GM Brazil vakillari braziliyalik xaridorlar SUV segmentiga katta qiziqish bildirayotgani va elektromobillarga talab ortib borayotganini ta’kidladi.

Yangi Spark EUV old g‘ildirakdan tortuvchi 75 kVt quvvatli elektr motor bilan jihozlangan. Avtomobil 101 ot kuchi ishlab chiqaradi va 42 kVt/soat sig‘imli LFP batareyasi bilan ishlaydi. Bir martalik quvvat bilan model NEDC standartida 360 kilometrgacha yo‘l bosishi mumkin.

Braziliyada elektromobil narxi 144 990 — 159 990 real oralig‘ida baholanmoqda. Bu taxminan $32 ming atrofidagi narx degani.

GM Janubiy Amerika va Yaqin Sharq bozorlari uchun ushbu modelni ishlab chiqarishga moslash maqsadida Braziliyadagi PACE zavodiga $73 mln investitsiya kiritgan. Loyiha ochilishida Braziliya prezidenti Luiz Inácio Lula da Silva ham ishtirok etgan.

Model 10,1 dyuymli multimedia ekrani, 8,8 dyuymli raqamli panel hamda Apple CarPlay va Android Auto tizimlari bilan jihozlangan. Tezkor quvvatlash tizimi orqali batareya 20 foizdan 80 foizgacha taxminan 30 daqiqada quvvat oladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chevrolet Spark avtomobili «raketa»ga aylantirilgani haqida yozgandi.

Shuningdek