
«Inter Mayami» Major League Soccer (MLS) doirasida «Sintsinnati» mehmoni bo‘lib, 5:3 hisobida g‘alaba qozondi. Leo Messi uchrashuvda 3 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
Het-trikni rasmiylashtirgan argentinalik futbolchi faoliyatidagi umumiy gollari sonini 910 taga yetkazdi. Messi, shuningdek, bitta golli uzatmani ham amalga oshirdi. Bu «Inter Mayami»ning MLS doirasidagi safarda ketma-ket beshinchi g‘alabasi bo‘ldi. Jamoa hisobida hozirda 25 ochko mavjud.

«Sintsinnati» safida Kevin Denki bitta gol urdi va ikkita golli uzatmani amalga oshirdi. Evander esa 64-daqiqada ajoyib zarba bilan jamoasini oldinga olib chiqqan edi. Pavel Buxa ham mezbonlar safida bitta gol kiritdi. Biroq «Sintsinnati» ushbu o‘yinda mag‘lub bo‘lib, olti o‘yinlik mag‘lubiyatsiz seriyasiga chek qo‘ydi.

Messi o‘zining dastlabki golini 24-daqiqada raqib himoyachisi Mett Miazganing qo‘pol xatosidan so‘ng bo‘sh qolgan darvozaga kiritdi. Uning ikkinchi goli esa 55-daqiqada Rodrigo de Paulning uzatmasidan keyin urildi. Uchinchi marta Messi 89-daqiqada raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Mateu Silvetti va Xerman Berterame esa mos ravishda 79- va 84-daqiqalarda gol urib, «Inter Mayami»ning g‘alabasini ta’minladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Lionel Messi Ispaniyaning beshinchi divizioni ishtirokchisi bo‘lgan «Kornelya» klubini sotib olgani haqida xabar bergan edi.