
Yangi avlod Chevrolet Equinox IIHS tashkiloti o‘tkazgan yangilangan avariya sinovlarida yuqori natija ko‘rsatdi. GM Authority yozishicha, krossover frontal to‘qnashuv sinovida Good bahosini oldi.
Sinovda 2025-yilgi Chevrolet Equinox LT AWD modeli qatnashdi. Ushbu natija 2026-yilgi modellarga ham tegishli ekani aytildi.
IIHS avtomobilning kuzov mustahkamligi, haydovchi xavfsizligi va himoya tizimlarini yuqori baholadi. Orqa o‘rindiqdagi yo‘lovchi xavfsizligi ham yaxshi natija ko‘rsatgan.
Yon tomondan urilish sinovida ham Equinox Good bahosini oldi. Bunda kuzovning mustahkamligi va bosh himoyasi alohida e’tirof etildi.
Biroq kichik frontal to‘qnashuv sinovida old yo‘lovchi tomoni Acceptable bahosini oldi. Mutaxassislar ayrim holatlarda xavfsizlik yostiqchalari to‘liq ishlamaganini qayd etdi.
To‘rtinchi avlod Chevrolet Equinox 2025-yilda taqdim etilgan. Model yangilangan dizayn, zamonaviy salon va yangi texnologiyalar bilan jihozlangan.
Krossover 1,5 litrli turbo dvigatel bilan taklif etiladi. Old tortuvchi versiya 175 ot kuchi ishlab chiqaradi. To‘liq tortuvchi variantda esa aylanish momenti 203 Nmga yetadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2027-yilgi Chevrolet Equinox salonida yangilanish amalga oshirilishi bildirilgandi. Yangi model katta o‘zgarishlarni emas, balki carryover, ya’ni avvalgi dizaynni saqlagan holda kichik takomillashtirishlarni o‘z ichiga oladi. Shunga qaramay, ambient yoritish tizimidagi yangilanish salonni yanada zamonaviy ko‘rinishga olib kelishi kutilmoqda.