
Superliga klublari Osiyo Chempionlar ligasi (OChL) doirasida jami uchta yo‘llanmaga ega bo‘ladi. Bu haqda OFK (Osiyo futbol konfederatsiyasi) ma’lum qildi. Unga ko‘ra, mamlakat jamoalari uchun Elit OChLda (1+1) va OChL 2 musobaqasida bitta kvota ajratiladi.

OFK tomonidan yangilangan taqsimotga asosan, O‘zbekiston Superligasi chempioni to‘g‘ridan to‘g‘ri Elit OChL guruh bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi. Joriy mavsum natijalariga ko‘ra, bu o‘rinni hozircha «Neftchi» klubi egallab turibdi.

Shuningdek, O‘zbekiston kubogi sohibi yoki vitse-chempion Elit OChL saralash bosqichida qatnashadi. Joriy yilda ushbu imkoniyatga «Paxtakor» da’vogarlik qilmoqda. Agar saralash bosqichida qatnashayotgan jamoa guruh bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kirita olmasa, u o‘z ishtirokini OChL 2 guruh bosqichida davom ettiradi.

Uchinchi yo‘llanma esa O‘zbekiston Superligasida uchinchi o‘rinni egallagan jamoaga nasib etadi va u to‘g‘ridan to‘g‘ri OChL 2 guruh bosqichiga yo‘l oladi. Ayni paytda «Nasaf» klubi bu o‘rinda bormoqda.
Avvaloq Kursiv nashri «Nasaf» Elit OChLning so‘nggi turida «Sharja» ustidan g‘alaba qozongani haqida xabar bergan edi.