
Uzum avtomobillarni sotib olish va sotish uchun Uzum Avto yangi ilovasini sinov rejimida ishga tushirdi. Bu haqda kompaniya Kursiv Uzbekistan’ga ma’lumot berdi.
Hozircha servis Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida ishlamoqda. Undan avtodilerlar ham, oddiy foydalanuvchilar ham bepul foydalanishi mumkin.
E’lon joylashtirish uchun avtomobil raqami, surat va narxni kiritish kifoya. Qolgan ma’lumotlarni servis avtomatik to‘ldiradi. E’lon yaratish o‘rtacha bir daqiqa vaqt oladi.
Ilovada sun’iy intellekt asosida moderatsiya tizimi ishlaydi. U takroriy, soxta va noto‘g‘ri e’lonlarni avtomatik bloklaydi.
Xaridor kerakli avtomobilni tanlab, sotuvchi bilan bevosita bog‘lanishi mumkin.
— Onlayn avtomobil bozori hali ham foydalanuvchilar uchun murakkab bo‘lib qolmoqda: ko‘plab soxta e’lonlar, dublikatlar, noto‘g‘ri ma’lumotlar va avtomobillarni tekshirish uchun vaqt sarflanadi. Biz Uzum Avto’ni xaridor real takliflarni tezroq topa oladigan, sotuvchi esa ko‘p millionli auditoriyaga tez va ortiqcha xarajatlarsiz kirish imkonini beradigan servisga aylanishini istaymiz, — deydi Uzum Avto bosh direktori Yegor Abramets.
Kompaniyaga ko‘ra, yaqin kelajakda Uzum Avto butun O‘zbekiston bo‘ylab ishga tushiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Uzum YTBdan $70 mln kredit jalb qilgani xabar berilgandi. Jalb qilingan mablag‘lar O‘zbekistonda raqamli moliyaviy xizmatlarni kengaytirishga yo‘naltiriladi. Xususan, kredit raqamli to‘lovlar, iste’molchilarni moliyalashtirish va tadbirkorlar uchun qulay moliyaviy xizmatlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.