
O‘zbekistonlik hujumchi Sherzod Temirov ijtimoiy tarmoqlar orqali Iroqning «Erbil» klubini tark etganini e’lon qildi. Hujumchi joriy mavsumda Iroq chempionatida 28 ta gol bilan to‘purar bo‘ldi.
Temirov «Erbil» safida bir yil davomida barcha turnirlarda 34 ta o‘yinda maydonga tushib, 29 ta gol urgan. Ularning 28 tasini liga o‘yinlarida kiritib, to‘purarga aylangan. Jamoa yakunda bronza medallarini qo‘lga kiritdi.

Jurnalist Aleksandr Troitskiyning ma’lum qilishicha, futbolchida O‘zbekiston Superligasi klubidan yaxshi taklif bor va bu jamoa «Paxtakor» bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
Shuningdek, «Erbil»dagi yana bir o‘zbekistonlik futbolchi Marlen Chobanovning ham shartnomasi yakuniga yetmoqda. Uning ham O‘zbekistonga qaytishi va xizmatlariga qiziqish borligi ta’kidlangan.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro may oyidagi yig‘in uchun kengaytirilgan tarkibga Sherzod Temirovni ham jalb qilgan edi. Hujumchi avvalroq Toshkentda o‘tkazilgan FIFA Series turnirida ham maydonga tushgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Igor Sergeyev Eronning «Persepolis» klubi a’zosiga aylangani haqida xabar bergan edi.