
General Motors kompaniyasi Chevrolet’ning AQShda ishlab chiqarilgan yirik SUV modellarini Argentina bozoriga olib kirish ustida ishlamoqda. Bu haqda GM Authority xabar berdi.
Kompaniya vakillariga ko‘ra, bu jarayon AQSh va Argentina o‘rtasida imzolangan yangi savdo kelishuvi tufayli osonlashadi. Argentina AQSh avtomobil standartlarini ham rasmiy talab sifatida qabul qilgan.
GM Janubiy Amerika vakili Chevrolet’ning Amerika SUVlarini Argentinada sotishni boshlashga tayyorlanayotganini aytdi. Biroq hozircha aniq sana e’lon qilinmagan.

Avvalroq Chevrolet Tahoe modeli Argentinada namoyish etilgan edi. Ushbu taqdimot Tahoe’ning Mercosur hududidagi ilk chiqishi bo‘lgan.
Hozir Chevrolet Argentinada eng yirik SUV sifatida TrailBlazer modelini sotadi. Kompaniya Meksikada ishlab chiqarilgan Silverado 1500 pikapini ham taklif qiladi.
GM Tahoe’dan tashqari Suburban modelini ham Argentina bozoriga olib kirish imkoniyatini o‘rganmoqda. Suburban brendning eng nufuzli SUVlaridan biri sifatida ko‘rilmoqda.
AQShda ishlab chiqarilgan Chevrolet SUVlari Argentinada yaqin oylar ichida rasman taqdim etilishi mumkin. Tahoe yil oxirigacha bozorga chiqishi ehtimoli bor.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yangi Chevrolet Spark eng ko‘p sotilgan elektromobil krossoverga aylangani haqida xabar berilgandi. Aprel oyining o‘zida model sotuvi 1 ming donadan oshib, kompaniya uchun yangi natija qayd etgan. GM Brazil vakillari braziliyalik xaridorlar SUV segmentiga katta qiziqish bildirayotgani va elektromobillarga talab ortib borayotganini ta’kidladi.