
Chevrolet Cobalt avtomobili Qozog‘istondagi murakkab tog‘ yo‘lida sinovdan o‘tkazildi. Avtobloger Dias Valixan Cobalt’ni Olmaota viloyatidagi «Tosh darvoza» yo‘nalishida tekshirib ko‘rdi.
Sinovdan oldin avtomobilga maxsus o‘zgartirishlar kiritilgan. Unga lift-komplekt, kattaroq off-road shinalar, kuchaytirilgan bamper va qo‘shimcha chiroqlar o‘rnatilgan.

Shuningdek, kuzov mat yashil rangdagi himoya plyonkasi bilan qoplangan. Blogerning aytishicha, avtomobilni sinovga tayyorlash uchun qariyb 2,5 mln tenge ($5,1 ming) sarflangan.
Natijada dvigatel himoyasi ostidagi klirens 21 smga, avtomobilning o‘rta qismi balandligi esa 24 smga yetgan.

Dvigatel esa o‘zgartirilmagan. Cobalt 1,5 litrli atmosfera motori va olti pog‘onali avtomat uzatmalar qutisi bilan harakatlangan. Mashina toshli yo‘llar, qiyaliklar va tor qoyali hududlardan o‘tgan. Blogerga ko‘ra, bunday joylarda ayrim yo‘ltanlamaslar ham qiynaladi.
Shunga qaramay, Cobalt marshrutni to‘liq mustaqil bosib o‘ta olmagan. Bir joyda avtomobilni Land Rover Defender yordamida tortib chiqarishga to‘g‘ri kelgan.

Sinovdan keyin disklar tirnalgan, kuzov plyonkasi shikastlangan va dvigatel himoyasiga bir necha zarba tekkan. Bloger esa ta’mirlash xarajatlari juda qimmat emasligini aytdi.
U yakunda Chevrolet Cobalt’ni «xalq avtomobili» deb atadi va bunday sinovdan keyin ham mashina yana uzoq yurishga tayyorligini ta’kidladi.
Eslatib o’tamiz, avvalroq 2027-yilgi Chevrolet Equinox ishlab chiqarilishi 10-avgustdan boshlanishi kutilayotgani xabar qilingandi. Avval dilerlar 2026-yil 11-iyundan boshlab buyurtmalarni tizimga kiritishni boshlashi, 9-iyuldan esa rasmiy buyurtmalar qabul qilinishi kutilayotgani e’lon qilingandi.