
Yevropa avtomobil ishlab chiqaruvchilari orasida mashhur modellardan biri bo‘lgan Volvo XC60 yaqin vaqtlarda texnik va dizayn jihatdan yangilanishi kutilmoqda. Bu Motor1 nashri ma’lum qildi.
Manbalarga ko‘ra, yangilanish nafaqat krossover tashqi ko‘rinishiga, balki uning asosiy texnik qismiga ham ta’sir qiladi. Xususan, plug-in gibrid T8 versiyasining imkoniyatlari sezilarli darajada oshirilishi rejalashtirilgan.

Hozirgi Volvo XC60 T8 modeli 18,8 kVt/soat sig‘imli batareya bilan jihozlangan bo‘lib, faqat elektr rejimida 56 km masofa bosib o‘ta oladi. Yangilangan versiyada esa batareya sig‘imi kamida ikki barobarga oshirilishi kutilmoqda, natijada elektrda yurish masofasi 150–160 km gacha yetishi mumkin.
Shuningdek, yangilangan model dizaynida ham o‘zgarishlar bo‘ladi. Avtomobil yangi faralar, qayta ishlangan radiator panjarasi va kuzovdagi ayrim stilistik yangilanishlar bilan taqdim etilishi rejalashtirilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yangilangan Volvo XC60 taqdimoti kelgusi yil boshida o‘tkazilishi mumkin.

Texnik yangilanishlar natijasida model narxi ham oshishi ehtimoldan xoli emas.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nissan Primera uzoq tanaffusdan so‘ng elektromobil sifatida qaytishi haqida yozgan edik.