
Xiaomi MiMo-V2.5-Pro sun’iy intellekt modeli uchun UltraSpeed rejimini ishga tushirdi. Bu haqda Gizmochina xabar berdi.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, 1 trln parametrga ega ushbu model universal grafik protsessorlarda ishlay oladi va soniyasiga 1000 dan ortiq tokenlar yaratishi mumkin.
Yangi rejim standart MiMo-V2.5-Pro API’siga qaraganda taxminan 10 barobar tezroq ishlaydi. Biroq UltraSpeed rejimidan foydalanish narxi ham yuqori. MiMo-V2.5-Pro-UltraSpeed API’si standart tarifdan 3 barobar qimmatroq bo‘ladi.
Xiaomi ushbu rejimni TileRT bilan hamkorlikda ishlab chiqqan. Kompaniya model va asosiy tizim birgalikda optimallashtirilgani sabab bunday tezlikka erishilganini ta’kidladi.
UltraSpeed resurslari cheklangani uchun Xiaomi 9 – 23-iyun kunlari sinov dasturini o‘tkazadi. Unda birinchi navbatda real ehtiyojga ega kompaniyalar va professional dasturchilarga ustuvorlik beriladi.
Tasdiqlangan foydalanuvchilar ikki hafta davomida bepul sinovdan foydalanishi mumkin. Bunda kunlik so‘rovlar soni, sessiya vaqti hamda foydalanilmay qolgan resurslar bo‘yicha cheklovlar bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xiaomi smartfonlari iPhone bilan AirDrop orqali fayl almasha olishi ma’lum qilingandi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, fayl almashish Quick Share xizmati orqali amalga oshiriladi. Endilikda Xiaomi qurilmasidan rasm, video va boshqa hujjatlarni yuborishda yaqin atrofdagi Apple qurilmalari ham qabul qiluvchi sifatida ko‘rinishi mumkin.