
Audi kompaniyasi uchinchi avlod Audi Q7 krossoverini rasman namoyish qildi. Model tashqi ko‘rinishi, interyeri va texnologik imkoniyatlari bo‘yicha to‘liq yangilanib, avvalgi avloddan sezilarli darajada farq qiladi.
Yangi Audi Q7 kattalashtirilgan radiator panjarasi, balandroq kapot, kengaytirilgan g‘ildirak arkasi va ikki qavatli LED optikasi bilan jihozlandi. Krossoverning asosiy yangiliklaridan biri aqlli faralar bo‘lib, ular yo‘l yuzasiga ogohlantiruvchi belgilarni aks ettira oladi, burilish signallarini yerda ko‘rsatadi hamda eshik ochilganda boshqa harakat ishtirokchilarini ogohlantiradi.


Interyer va sig‘im
Salon qismida asboblar paneli va multimedia tizimini birlashtirgan egri OLED displey o‘rnatilgan. Old yo‘lovchi uchun alohida ekran ham taqdim etilgan. Shuningdek, avtomobil alohida segmentlarining shaffofligini boshqarish mumkin bo‘lgan panoramali tom bilan jihozlangan bo‘lib, tizim haydovchining sozlamalarini eslab qoladi.
Ko‘plab mamlakatlarda Audi Q7 uch qator o‘rindiq bilan bazaviy komplektatsiyada taklif etiladi. Bagaj hajmi salon konfiguratsiyasiga qarab 581 litrdan qariyb 2 ming litrgacha yetadi.

Texnik imkoniyatlar
Buyuk Britaniyada model savdosi 295 ot kuchiga ega 3,0 litrli V6 dizel dvigateli va yumshoq gibrid tizimi bilan boshlanadi. Boshqa bozorlarda esa benzinli motorlar ham taklif qilinadi.
Krossover pnevmatik osma, to‘liq boshqariladigan shassi, doimiy to‘liq uzatma va elektron boshqaruvli amortizatorlar bilan jihozlangan. Navigatsiya ma’lumotlari asosida osma tizimi temir yo‘l kesishmalari yoki yo‘ldagi notekisliklarga oldindan moslasha oladi.

Xavfsizlik tizimlari
Audi xavfsizlik tizimlariga ham alohida e’tibor qaratgan. Yangi Q7 uzunligi 200 metrgacha bo‘lgan beshta parkovka marshrutini eslab qolishi, murakkab manevrlarni mustaqil bajarishi va haydovchisiz orqaga harakatlanishi mumkin.
Shuningdek, tizim haydovchi ogohlantirishlarga javob bermayotganini aniqlasa, avtomobil mustaqil ravishda yo‘l chetida to‘xtab, favqulodda xizmatlarni chaqira oladi.



Qachondan sotuvga chiqadi?
Yangi Audi Q7 savdolari iyul oyida boshlanadi. Model avvalgidek BMW X5 va Mercedes-Benz GLE bilan raqobatlashadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Audi Nuvolari superkari qanday imkoniyatlar bilan taqdim etilgani haqida xabar bergan edik.