
General Motors kompaniyasining ayrim Chevrolet modellari Braziliyada egalik qilish xarajatlari eng past bo‘lgan avtomobillar qatorida e’tirof etildi. GM Authority’ga ko‘ra, mazkur e’tirof Quatro Rodas jurnali tomonidan tuzilgan iste’molchilar reytingi asosida berilgan.
Unda yangi avtomobilni xarid qilgandan keyingi xarajatlar, ya’ni sug‘urta, texnik xizmat ko‘rsatish, yo‘l solig‘i va yonilg‘i sarfi hisobga olingan.
GM South America vakili Renato Biboning aytishicha, avval avtomobilga egalik qilishning umumiy xarajati, asosan, flot egalari va professional xaridorlar uchun muhim bo‘lgan. Hozir esa oddiy xaridorlar ham mashinani tanlashda bu ko‘rsatkichga ko‘proq e’tibor qaratmoqda.
Chevrolet’ning Braziliyadagi eng ko‘p sotiladigan uch modeli tadqiqotda yuqori natija ko‘rsatdi. Xususan,
- Chevrolet Onix 1.0L mexanik uzatmali versiyasi xetchbeklar orasida birinchi o‘rinni egalladi.
- Chevrolet Tracker Turbo AT ixcham krossoverlar orasida ikkinchi bo‘ldi.
- Onix Plus Premier esa sedanlar toifasida uchinchi o‘rinni oldi.
Shu tariqa Chevrolet Braziliyaning eng muhim uch segmentida kuchli pozitsiyani saqlab qoldi.
Bundan tashqari, Chevrolet’ning boshqa modellari ham reytingda yaxshi natija ko‘rsatgan. Chevrolet Montana flex-fuel pikaplar orasida, Chevrolet S10 LTZ dizel pikaplar orasida, Chevrolet Spark EUV esa eng tejamkor elektromobillar qatorida qayd etilgan.
Kompaniya uchun bu natija muhim raqobat ustunligi hisoblanadi. Chunki Braziliyada xaridorlar avtomobil tanlashda faqat boshlang‘ich narxga emas, balki uni bir yil davomida saqlash va ishlatish xarajatlariga ham katta e’tibor beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chevrolet Express 2027 qachon ishlab chiqarilishi haqida ma’lumot berilgandi. Unga ko‘ra, General Motors 2027-yilgi Chevrolet Express ishlab chiqarishni 2026-yil 31-avgustdan boshlashni rejalashtirmoqda.