
Meksika terma jamoasi Janubiy Koreyaga qarshi guruh bosqichidagi bahsda 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvdagi yagona gol 50-daqiqada Luis Romo tomonidan kiritildi.
Ikkinchi bo‘lim boshida meksikaliklar bosimni oshirdi. 49-daqiqada Brayan Gutyerres Jezus Galyardoni qulay vaziyatga chiqardi, biroq himoyachining zarbasi darvoza yon to‘riga tegdi. Oradan bir daqiqa o‘tib, Janubiy Koreya darvozaboni Kim Sin Gyu qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi. U jamoadoshi bilan to‘qnashuvdan so‘ng to‘pni ushlab qola olmadi va Luis Romo bo‘sh darvozani aniq nishonga oldi.

Gol o‘yinga jon kiritdi. 59-daqiqada Janubiy Koreya tarkibida Xvan Xi Chan va O Xyon Gyu maydonga tushirildi. Shu daqiqada Pk Seung Xo qo‘pol harakati uchun sariq kartochka oldi. 70-daqiqada Meksika tarkibida Obed Vargas va Orbelin Pineda, Janubiy Koreyada esa Om Ji Son hamda Yan Xyon Jun o‘yinga qo‘shildi.
76-daqiqada Raul Ximenes hisobni oshirishga juda yaqin keldi. U Xulian Kinyones uzatmasidan keyin jarima maydoni ichida kuchli zarba berdi, biroq Kim Sin Gyu ajoyib seyv bilan jamoasini ikkinchi goldan qutqarib qoldi.

78-daqiqada Janubiy Koreya yana o‘zgarish qildi: Cho Gyu Son Pk Seung Xo o‘rniga maydonga tushdi. Uchrashuvda bir nechta xavfli zarbalar qayd etilgan bo‘lsa-da, o‘yin chempionat mezbonlarining g‘alabasi bilan yakunlandi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Kanada Qatarni yirik hisobda mag‘lub etgani haqida yozgan edi.