
OnePlus kompaniyasi taqdimot arafasida yangi OnePlus N6 smartfoni haqida navbatdagi tafsilotlarni oshkor qildi. Bu haqda Amazon India ma’lum qildi.
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, smartfonni atigi 5 daqiqa quvvatlash deyarli ikki soat davomida YouTube tomosha qilish uchun yetadi.
OnePlus N6’ning asosiy jihatlaridan biri 8000 mA/soat sig‘imli akkumulyatori bo‘ladi. Ishlab chiqaruvchi bunday batareya odatiy foydalanishda smartfonni uch kungacha quvvatlashsiz ishlatish imkonini berishini ta’kidlamoqda.

Shuningdek, OnePlus akkumulyator yetti yil davomida sig‘imini sezilarli darajada yo‘qotmasligini va’da qilmoqda. Bundan tashqari, smartfon dastlabki darajadagi silliq ishlashini 60 oy, ya’ni besh yil davomida saqlab qolishi aytilgan.
OnePlus N6 rasmiy taqdimoti 30-iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Avvalroq qurilma MediaTek Dimensity 6300 platformasi asosida ishlab chiqilishi ma’lum bo‘lgan edi.

Smartfon, asosan, yosh foydalanuvchilarga mo‘ljallangan. Uning taxminiy narxi $200 atrofida bo‘lishi kutilmoqda. OnePlus N6 katta akkumulyator, uzoq muddatli ishlash va nisbatan arzon narxni birlashtirgan model sifatida taqdim etilishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri OnePlus N6 smartfoni uch kun ishlaydigan 8000 mA/soat batareya bilan chiqishi haqida yozgan edi.