
Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi Nvidia tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Reflection AI startapi bilan $6 mlrdlik kelishuv tuzdi. Shartnoma doirasida startap SpaceX superkompyuterining hisoblash quvvatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Reflection AI ochiq kodli sun’iy intellekt modellarini ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu kelishuv SpaceX’ning AI infratuzilmasi bozoriga faol kirib borayotganini ko‘rsatadi. Kompaniya avvalroq Alphabet va Anthropic bilan ham shunga o‘xshash hisoblash quvvatlari bo‘yicha yirik shartnomalar tuzgan.
Reflection AI bilan tuzilgan kelishuvga ko‘ra, startap 2026-yil iyulidan 2029-yilgacha SpaceX’ning sun’iy intellekt bo‘linmasi – SpaceXAI’ga oyiga 150 mln dollar to‘lab boradi. Agar shartnoma muddatidan oldin bekor qilinmasa, uning umumiy qiymati taxminan 6,3 mlrd dollarga yetishi mumkin.
Ushbu mablag‘ evaziga Reflection AI Memfis shahrida, Tennessi shtatida joylashgan SpaceX’ning Colossus 2 superkompyuteri imkoniyatlaridan foydalanadi. Shartnoma shartlariga ko‘ra, har ikki tomon kelishuvni 90 kun oldin ogohlantirish orqali bekor qilish huquqiga ega.
Kelishuv SpaceX uchun qanchalik muhim
CNBC talqiniga ko‘ra, mazkur kelishuv SpaceX rekord darajadagi IPOdan keyin o‘zining keng ko‘lamli hisoblash infratuzilmasidan qanday foydalanayotganini ko‘rsatadi. Colossus superkompyuteri dastlab Ilon Maskning Grok chat-boti va unga asos bo‘lgan sun’iy intellekt modellarini ishlatish uchun qurilgan edi. Endi SpaceX ushbu quvvatlarni tashqi AI kompaniyalariga ham sotmoqda.
Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, SpaceX shunga o‘xshash shartnomalar orqali Google’dan 2029-yil o‘rtalarigacha taxminan $30 mlrd, Anthropic’dan esa shu davr ichida $45 mlrd olishi mumkin. Reflection AI esa kompaniya uchun yana bir yirik mijoz bo‘lsa-da, uning yo‘nalishi strategik jihatdan boshqacha baholanmoqda.
Avvalroq «Kursiv» SpaceX Falcon 9 uchirishlari orasidagi vaqt bo‘yicha yangi rekord o‘rnatgani haqida yozgan edi.