
Samsung kompaniyasi Galaxy M47 5G smartfoni 29-iyun kuni rasman taqdim etilishini tasdiqladi. Taqdimoti arafasida qurilmaning asosiy texnik xususiyatlari ma’lum bo‘ldi.
Galaxy M47 5G Snapdragon platformasi, LPDDR5X tezkor xotirasi va UFS 3.1 doimiy xotirasi bilan jihozlanadi. Kompaniya smartfon uchun Android operatsion tizimining 6 avlod yangilanishi hamda 6 yil davomida xavfsizlik yangilanishlarini va’da qilgan.

120 Gs ekran va himoya
Yangi model 6,7 dyuymli Super AMOLED displeyga ega bo‘ladi. Ekran 120 Gs yangilanish chastotasini qo‘llab-quvvatlaydi va Corning Gorilla Glass Victus+ himoya oynasi bilan qoplanadi. Samsung’ning ta’kidlashicha, ushbu qoplama tirnalishlarga nisbatan yuqori chidamlilikni ta’minlaydi.
Tezkor quvvatlash va o‘yin rejimi
Galaxy M47 5G 45 vattli tezkor quvvatlash texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, qurilmada bypass charging funksiyasi mavjud bo‘lib, o‘yin vaqtida energiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri smartfonga uzatiladi. Bu esa batareyaning qizishini kamaytirishga yordam beradi.
Batareya sig‘imi hozircha oshkor qilinmagan. Biroq kompaniya yangi modelni «keyingi darajadagi quvvat monstiri» sifatida ta’riflagan.

50 megapikselli kamera va 4K video yozuv
Smartfonning asosiy kamerasi optik tasvir barqarorlashtirish (OIS) tizimiga ega 50 megapikselli sensor bilan jihozlanadi. Shuningdek, 5 megapikselli ultra keng burchakli kamera va 2 megapikselli makrokamera ham mavjud bo‘ladi.
Old kamera esa 12 megapikselli sensor bilan ta’minlanadi. Qurilma asosiy va selfi kameralarida 4K formatida video yozib olish imkoniyatini taklif etadi.
Ranglari va narxi
Galaxy M47 5G to‘q qizil (Rogue Red) va och ko‘k (Blaze Blue) ranglarida sotuvga chiqariladi. Smartfonning narxi hozircha ma’lum qilinmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samsung Galaxy S27 Pro smartfoni qanday imkoniyatlar bilan chiqishi haqida yozgan edik.