
Ikki yirik smartfon ishlab chiqaruvchi Honor va Samsung kompaniyalari ekran texnologiyasi raqobat qilmoqchi. GSMArena nashrining yozishicha, Honor Samsung kompaniyasining maxfiy ekraniga o‘xshash texnologiyani sinamoqda.
Privacy Display texnologiyasi ekran ko‘rish burchaklarini cheklaydi. Natijada smartfon egasining yonida turgan begona odamlar displeydagi ma’lumotlarni ko‘rishi qiyinlashadi. Aynan shu funksiya Samsung Galaxy S26 Ultra’ning muhim jihatlaridan biri sifatida taqdim etilgan edi.
Digital Chat Station’ning yozishicha, Honor ham apparat darajasida maxfiylikni ta’minlaydigan ekranlarni sinovdan o‘tkazmoqda. Biroq insayder bunday mahalliy ishlab chiqarilgan panellarning tasvir sifati hozircha savol ostida ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, bu borada yakuniy xulosa ommaviy sinovlardan keyin ma’lum bo‘ladi.
Samsung uchinchi tomon ishlab chiqaruvchilariga Privacy Display texnologiyasiga ega ekranlarni 2028-yil oxiriga borib yetkazib berishni boshlashi mumkin. Ayrim yirik smartfon ishlab chiqaruvchilari ham Samsung‘ning bunday panellarini kutayotgani aytilmoqda. Bu esa bozorda maxfiylik ekranlariga talab borligini ko‘rsatadi.
Honor’da ushbu texnologiyani qaysi model birinchi bo‘lib olishi hozircha noma’lum. Biroq Samsung tajribasidan kelib chiqilsa, funksiya avvalo flagman smartfonlarda paydo bo‘lishi mumkin. Ehtimoliy nomzodlardan biri sifatida Honor Magic 9 Pro tilga olinmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Honor X80 Pro Max akkumulyatori 2 yil davomida bepul almashtirilishi haqida yozgan edi.