Men xato qildim — Kannavaro Portugaliya bilan o‘yin haqida

24-iyun 2026 10:27 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir temirxanovasapura@gmail.com
Men xato qildim — Kannavaro Portugaliya bilan o‘yin haqida
Foto: UFA

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro 5:0 hisobidagi mag‘lubiyatdan keyin javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. Bu haqda u uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida ma’lum qilgan.

Uning aytishicha, ushbu mag‘lubiyatda futbolchilarning aybi yo‘q, xatoga murabbiy sifatida o‘zi yo‘l qo‘ygan.

Matbuot anjumanida huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev Kannavarodan asosiy tarkibdagi o‘zgarishlar, taktik qarorlar va mag‘lubiyat uchun javobgarlik haqida so‘radi.

Uning savolida murabbiy Kolumbiyaga qarshi o‘yindan keyin asosiy tarkibda uchta o‘zgarish qilgani, shundan ikkitasi muvaffaqiyatsiz chiqqani ta’kidlandi.

Kannavaro bunga javoban murabbiy sifatida maydonga kimni yaxshi formada deb hisoblasa, o‘shani tushirishga harakat qilishini aytdi.

«O‘zimni oqlash niyatim yo‘q. Shogirdlarimni himoya qilish uchun ko‘ksimni qalqon qilishga tayyorman», — dedi u.

Murabbiyning aytishicha, O‘zbekiston futbolchilari jahon chempionatida ilk bor qatnashmoqda va bu holatda ularni himoya qilish muhim. Kannavaro futbolchi sifatida ham, murabbiy sifatida ham mas’uliyatni doim o‘z zimmasiga olib kelganini ta’kidladi.

«Bugungi 5:0 hisobidagi mag‘lubiyatda futbolchilarning aybi yo‘q, men xato qildim», — dedi Kannavaro.

Eslatib o‘tamiz, Fabio Kannavaro JCh – 2026 dagi eng yuqori maosh oladigan murabbiylar beshligiga kiradi. O‘zbekiston terma jamoasi ustozi Fabio Kannavaro yillik 4 mln yevro maosh bilan ro‘yxatning 5 va 6-o‘rinlarini Portugaliya bosh murabbiyi Roberto Martines bilan bo‘lishib turibdi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi 23-iyun kuni Jahon chempionati guruh bosqichining 2-turida Portugaliya bilan kuch sinashdi va 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.

Shuningdek