Telegram messenjeri Hindistonda blokdan chiqarildi

24-iyun 2026 12:35 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Telegram messenjeri Hindistonda blokdan chiqarildi
Foto: Pexels

Telegram messenjeri Hindistonda vaqtinchalik cheklovlardan so‘ng yana Google Play’ga qaytdi. Ilova deyarli bir hafta davomida mamlakatdagi foydalanuvchilar uchun cheklangan edi.

Telegram’ga qo‘yilgan vaqtinchalik cheklovlar 22-iyunda yakunlanishi kerak edi. Biroq 23-iyun yarim tundan keyin ayrim foydalanuvchilar messenjerga kirishda muammolar saqlanib qolayotganini bildirgan.

Hindistonda Telegram’ga kirish 16-iyundan boshlab cheklangan edi. Bunga tibbiyot oliygohlariga kirish uchun o‘tkaziladigan milliy malaka imtihoni savollari sizib chiqishi bilan bog‘liq mojaro sabab bo‘lgan. Ushbu holatdan keyin imtihon bekor qilinib, qayta topshirish 21-iyunga belgilangan.

17-iyun kuni Telegram vaqtincha Google Play va App Store’dan olib tashlangan. 19-iyunda esa Dehli oliy sudi hukumatning bu qarorini qonuniy deb topgan va servisni vaqtincha bloklash uchun yetarli asoslar mavjudligini bildirgan.

Cheklovlar joriy etilgach, Hindistonda VPN xizmatlariga talab keskin oshgan. Bir sutka ichida mamlakatda 919 mingta VPN yuklab olingani qayd etilgan. Bu 2025-yil boshidan beri eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lgan.

Telegram asoschisi Pavel Durovning ta’kidlashicha, blokirovka mamlakatdagi taxminan 150 mln foydalanuvchiga ta’sir qilgan. Uning fikricha, cheklov muammoni hal qilmagan, chunki sizib chiqqan materiallar boshqa platformalarda tarqalishda davom etgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Telegram’ning da’vosi rad etilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek