Samsung Galaxy A27 smartfoni taqdim etildi — narx

26-iyun 2026 08:21 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Samsung Galaxy A27 smartfoni taqdim etildi — narx
Manba: Samsung

Samsung kompaniyasi tomonidan yangi Samsung Galaxy A27 smartfoni rasman taqdim etildi. Bu haqda Sammobile nashri xabar bermoqda.

Galaxy A27 6,7 dyuymli Super AMOLED displey bilan jihozlangan. Ekran Full HD+ aniqlik, 120 Hz yangilanish chastotasi va Corning Gorilla Glass Victus+ himoyasiga ega. Bu Galaxy A2x liniyasidagi Infinity-O, ya’ni old kamera uchun ekrandagi kichik teshikka ega ilk model bo‘ldi. Galaxy A26’da esa U shaklidagi Infinity-U kesik ishlatilgan edi. Samsung‘ga ko‘ra, yangi modelda ekran ramkalari ham ancha yupqalashgan.

Smartfon Qualcomm Snapdragon 6 Gen 3 chipida ishlaydi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, Galaxy A27 protsessori Galaxy A26’dagi Exynos 1380 bilan solishtirganda CPU bo‘yicha 7 foiz, GPU bo‘yicha esa 8 foiz tezroq ishlaydi. Qurilmada LPDDR5X tezkor xotirasi va UFS 3.1 ichki xotirasi qo‘llangan.

Foto: Sammobile

Qo‘shimcha imkoniyatlar

Galaxy A27 uch xil konfiguratsiyada taklif etiladi: 6 GB tezkor va 128 GB ichki xotira, 8 GB tezkor va 128 GB ichki xotira, shuningdek, 8 GB tezkor va 256 GB ichki xotira. Bundan tashqari, smartfon 2 TB gacha microSD xotira kartalarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Qurilma One UI 8.5 interfeysi va Android 16 QPR2 operatsion tizimi bilan sotuvga chiqadi. Samsung Galaxy A27 uchun olti yillik yirik OS yangilanishlari va olti yillik xavfsizlik yangilanishlarini va’da qilmoqda. Smartfonda Google Circle to Search, Object Eraser va Voice Transcription kabi sun’iy intellekt funksiyalari ham mavjud. Shuningdek, Google Gemini, Perplexity va Bixby xizmatlari qo‘llab-quvvatlanadi.

Kamera tizimi

Galaxy A27 orqa tomonida uchta kamera bilan jihozlangan. Asosiy kamera 50 megapikselli bo‘lib, optik stabilizatsiya va 4K/30 kadr/soniya video yozishni qo‘llaydi. Unga 5 megapikselli ultra keng burchakli modul va 2 megapikselli makro kamera hamrohlik qiladi. Asosiy va makro kameralar Galaxy A26’dagi kabi qolgan, biroq ultra keng burchakli modul 8 megapikseldan 5 megapikselga tushirilgan.

Foto: Gix

Old tomonda HDR qo‘llab-quvvatlovchi 12 megapikselli kamera joylashgan. Uning aniqligi Galaxy A26’dagi 13 megapikselli kamera bilan solishtirganda pastroq bo‘lsa-da, Samsung yangi va ilg‘or sensor ishlatilganini bildirgan. Bu surat sifatini yaxshilashi kutilmoqda.

Galaxy A27 5000 mA/soat sig‘imli akkumulyatorga ega. Quvvatlash tezligi avvalgi modeldagi kabi 25 Vtni tashkil qiladi. Smartfon o‘lchamlari 162,4 × 78,2 × 7,8 mm, vazni esa 200 gramm.

Qurilma chang va suvdan himoyalangan, biroq bu borada Galaxy A26’dan biroz pastroq ko‘rsatkichga ega. Yangi model IP64 reytingi bilan chiqmoqda, Galaxy A26 esa IP67 himoyasiga ega edi.

Samsung Galaxy A27’ni qora, ko‘k, och yashil va och pushti ranglarda taklif qiladi. Yevropada smartfonning boshlang‘ich narxi 349 yevro etib belgilangan. Boshqa hududlardagi narxlar hozircha e’lon qilinmagan. Galaxy A27 ayrim bozorlarda 2026-yil 3-iyuldan sotuvga chiqadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samsung qariyb 10 yillik Galaxy S8 va Note 8 uchun yangilanish chiqargani haqida yozgan edi.

Shuningdek