Husanov Ronaldu bilan nima haqida gaplashgani ma’lum bo‘ldi

26-iyun 2026 14:39 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Husanov Ronaldu bilan nima haqida gaplashgani ma’lum bo‘ldi
Foto: Getty Images

O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov Portugaliya bilan o‘yinda Krishtianu Ronaldu bilan nima haqida gaplashgani yuzasidan izoh berdi. Bu haqda sport sharhlovchisi Davron Fayziyev ma’lum qildi.

Fayziyevning aytishicha, ko‘pchilik Husanov va Ronaldu o‘rtasidagi suhbat mazmuni bilan qiziqqani uchun u futbolchining o‘zidan buni aniqlashtirgan. Husanov videoga tushishni yoqtirmagani sababli uning roziligi bilan suhbatning umumiy mazmuni aytib berilgan.

Husanovga ko‘ra, u Ronaldu bilan o‘yin davomida bir necha bor muloqot qilgan. Suhbatlar asosan maydondagi vaziyatlar va bahsli epizodlar haqida bo‘lgan.

«Aynan videodagi holatda nima haqida gaplashganimizni aniq eslay olmayman. Masalan, bizning golimizdan keyin biroz bahslashdik. U fol dedi, men esa Abbos (Abbosbek Fayzullayev) qo‘pol o‘ynamaydi, deb aytdim. Har safar yaxshi, do‘stona gaplashdik», — degan Husanov.

Foto: Ijtimoiy tarmoq

Davron Fayziyev, shuningdek, Ronaldu Husanovga og‘zingni yopmay gapir, jazolanasan degani haqidagi taxminlar yuzasidan ham futbolchidan so‘raganini bildirdi.

Husanov bunday gap bo‘lmaganini aytgan. Portugaliya — O‘zbekiston uchrashuvi davomida Husanov va Ronaldu o‘rtasidagi qisqa muloqot aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilingandi.

Avvalroq «Kursiv» Yurgen Klopp Ronalduning O‘zbekistonga qarshi dubliga baho bergani haqida yozgan edi.

Shuningdek