
FAW-Volkswagen qo‘shma korxonasi Xitoy bozorida yangi Magotan PHEV gibrid sedanining savdosini boshladi. Bu haqda Autohome nashri ma’lum qildi.
Yangi model xaridorlarga ikki xil komplektatsiyada taklif etilmoqda. Ularning narxi mos ravishda $25 ming va $28,6 ming qilib belgilangan. Bu narxlar Xitoy bozoridagi gibrid Toyota Camry XV80 versiyalari bilan deyarli bir xil.
Dizayn va salon
Tashqi ko‘rinish jihatidan Magotan PHEV benzinli versiyadan deyarli farq qilmaydi. Model radiator panjarasi va old bamperdagi ko‘k rangli bezaklar hamda PHEV yozuvi bilan ajralib turadi. Avtomobilning o‘lchamlari 4990 × 1854 × 1491 mm, g‘ildirak bazasi esa 2872 mmni tashkil etadi.

Salonida 10 dyuymli raqamli asboblar paneli va Qualcomm Snapdragon 8155 platformasida ishlovchi 15 dyuymli multimedia ekrani o‘rnatilgan. Yuqori komplektatsiyalarda old yo‘lovchi uchun 11,6 dyuymli qo‘shimcha ekran, proyeksion displey, rul isitish tizimi hamda old o‘rindiqlarni isitish va shamollatish funksiyalari ham mavjud.
Haydovchiga yordam tizimlari
Avtomobil bazaviy versiyasidayoq ikkinchi darajali haydovchiga yordam beruvchi tizimlar bilan jihozlangan. Qo‘shimcha haq evaziga avtomagistrallarda yarim avtonom harakatlanish (NOA), avtomatik to‘xtash, avtoturargoh joyini eslab qolish va masofadan turib avtomobilni parkovka qilish funksiyalarini qo‘llab-quvvatlaydigan intellektual tizim ham taklif etiladi.

Texnik xususiyatlari
Magotan PHEV 129 ot kuchiga ega 1,5 litrli turbobenzin dvigateli va 197 ot kuchiga ega elektromotor bilan jihozlangan. Tortish batareyasining sig‘imi 22 kVt/soatni tashkil etadi. Sedan faqat elektr quvvatida 162 kilometrgacha harakatlana oladi, bir marta yonilg‘i quyish va to‘liq quvvatlash bilan umumiy yurish zaxirasi esa CLTC standarti bo‘yicha 1503 kilometrga yetadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Volkswagen ID. Era 8X gibrid avtomobili qachon chiqishi haqida yozgan edik.