Meta miya signallarini matnga aylantiruvchi tizimni taqdim etdi

30-iyun 2026 19:15 eʼlon qilindi

Hafiza Muxtorova

Hafiza Muxtorova

Jurnalist h.muxtorova@kursiv.media
Meta miya signallarini matnga aylantiruvchi tizimni taqdim etdi / Foto: Meta

Meta Brain2Qwerty v2 nomli inson miya signallarini tashqi qurilmalar yordamida matnga aylantira oladigan yangi tizimni ishlab chiqdi. Bu haqda Digital Trends nashri ma’lum qildi.

Ushbu tizim jarrohlik implantlarsiz, ya’ni miyaga chip o‘rnatmasdan turib, miya faolligi signallarini to‘liq jumlalarga aylantira oladi. Loyihaning asosiy maqsadi sog‘lig‘i sababli gapira olmay qolgan insonlarga muloqot qilish imkonini qayta tiklashdir.

Tizim ishlashida foydalanuvchilar Magnetoencephalography (MEG) skaneri yordamida kuzatiladi. Bu qurilma miya tomonidan hosil qilinadigan juda zaif magnit signallarni o‘lchaydi. Ishtirokchilar klaviaturada yozayotgan paytda, SI ularning miya signallarini tahlil etib, yozilishi kerak bo‘lgan matnni taxmin qiladi.

Foto: Cleveland Clinic

Yangi Brain2Qwerty v2 avvalgi versiyadan farqli ravishda alohida harflarni emas, balki so‘zlar va to‘liq jumlalarni birgalikda tahlil qiladi. Tizim Transformer va Convolutional Neural Network kabi modellardan foydalanib, katta til modellari yordamida kontekstni hisobga olgan holda matnni tiklaydi va noaniq signallarni to‘ldiradi.

Meta tadqiqotiga ko‘ra, tizim taxminan 22 mingta yozilgan jumla asosida, 9 nafar ko‘ngilli ishtirokida o‘qitilgan. Natijalarga ko‘ra, o‘rtacha so‘z aniqligi 61 foizni tashkil qilgan, eng yaxshi natija ko‘rsatgan ishtirokchida esa 78 foiz aniqlik qayd etilgan. Tadqiqot doirasida kodlar va ma’lumotlar ochiq manba sifatida e’lon qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ray-Ban Display smart ko‘zoynaklarida xabarlar yozish mumkinligi haqida yozgan edik.

Shuningdek