Samsung Galaxy smartfonlarida muammolar aniqlandi — sabablar

1-iyul 2026 13:34 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Samsung Galaxy smartfonlarida muammolar aniqlandi — sabablar
Foto: Depositphotos

Samsung Galaxy smartfonlari va planshetlarida fayllarni simsiz ulashish uchun ishlatiladigan Quick Share funksiyasida bir nechta xavfsizlik zaifliklari aniqlangani ma’lum qilindi. Bu haqda Sammobile nashri xabar bermoqda.

Foydalanuvchi ma’lumotlari o‘g‘irlanishi mumkinmi?

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, aniqlangan zaifliklar orqali foydalanuvchining shaxsiy fayllari — suratlari, videolari yoki hujjatlarini o‘g‘irlash mumkin emas.

Foto: Sammobile

Muammo Quick Share va AirDrop’da ayrim fon jarayonlari fayl yuboruvchi shaxsning kimligi to‘liq tekshirilishidan oldin ishga tushishi bilan bog‘liq. Shu sababli taxminan 30 metr masofada bo‘lgan hujumchi noutbuk yordamida ushbu jarayonlarni qayta-qayta ishdan chiqarishi mumkin.

Amalda bu Galaxy smartfoni yoki planshetida Quick Share vaqtincha ishlamay qolishiga olib keladi. Bunday hujum turi DoS – xizmat ko‘rsatishni rad etish hujumi deb ataladi. Biroq u qurilmadagi shaxsiy ma’lumotlarga kirish yoki ularni o‘g‘irlash imkonini bermaydi.

Zaiflik qaysi qurilmada tekshirilgan?

Tadqiqotchilar Quick Share’dagi muammolarni Galaxy S23 Ultra smartfonida sinovdan o‘tkazgan. Qurilma S918BXXS8EZA1 proshivkasi, Quick Share’ning 13.8.01.11 versiyasi va GMS’ning 26.05.34 versiyasi bilan ishlagan.

Foto: Root-Nation

Aniqlangan muammolardan so‘ng Apple AirDrop’dagi uchta zaiflikdan birini bartaraf etgan. Google esa Windows uchun Quick Share ilovasiga tegishli xavfsizlik yamog‘ini chiqargan.

Android qurilmalariga, jumladan, Galaxy smartfonlari va planshetlariga ta’sir qiluvchi qolgan Quick Share zaifliklari yaqin oradagi xavfsizlik yangilanishlaridan birida tuzatilishi kutilmoqda.

Xavfni kamaytirish uchun nima qilish kerak?

Yangilanish chiqmaguncha Galaxy qurilmasida oddiy ehtiyot chorasi ko‘rish tavsiya etiladi. Buning uchun Sozlamalar ilovasiga kirib, «Ulangan qurilmalar» bo‘limidan Quick Share’ni ochish, so‘ng «Siz bilan kim ulasha oladi?» bandida «Kontaktlar» variantini tanlash kerak.

One UI’ning yangi versiyalarida esa foydalanuvchi Quick Share’da «Hamma» rejimini tanlagan bo‘lsa ham, tizim 10 daqiqadan so‘ng avtomatik ravishda uni yana «Kontaktlar» rejimiga qaytaradi. Bu esa qo‘shimcha himoya qatlamini ta’minlaydi.

Shu sababli oddiy foydalanuvchilar uchun asosiy xavf shaxsiy ma’lumotlarning o‘g‘irlanishi emas, balki Quick Share funksiyasining vaqtincha ishlamay qolishidir.

Ma’lumot uchun, Quick Share – Galaxy qurilmalarida fotosurat, video, hujjat va boshqa fayllarni yaqin atrofdagi qurilmalarga tezkor yuborish imkonini beruvchi standart xizmat hisoblanadi.

Avvalroq «Kursiv» Samsung Galaxy Z Fold 8 Ultra qanday kamerada chiqishi ma’lum bo‘lgani haqida yozgan edi.

Shuningdek