
Chevrolet’ning qimmat Chevrolet Tahoe va Chevrolet Suburban avtomobillarida asossiz eshik qulfi tizimini tekshirishga oid ogohlantirishlar paydo bo‘lmoqda.
GM ma’lumotiga ko‘ra, bunday holat 2025–2026-yillarda ishlab chiqarilgan ayrim Chevrolet Tahoe va Chevrolet Suburban SUVlarida uchrashi mumkin. Ogohlantirish chap va o‘ng orqa eshiklarda bolalar xavfsizlik qulfi tizimi sinxron ishlamay qolganida paydo bo‘ladi. Natijada ushbu xavfsizlik qulflari to‘g‘ri ishlamasligi ehtimoli bor.
Xabar avtomobil qayta ishga tushirilganidan keyin ham ekranda qolishi yoki vaqtincha yo‘qolib, keyin yana paydo bo‘lishi mumkin.

Muammo qanday bartaraf etiladi?
GM dilerlarga Body Control Module — kuzov boshqaruv modulini so‘nggi kalibrovka sozlamalari asosida yangilashni tavsiya qilmoqda. BCM avtomobilning turli elektron tizimlari, jumladan eshiklar va qulflar bilan bog‘liq funksiyalarni boshqaradi.
Yangilanishdan so‘ng mutaxassislar orqa eshiklardagi bolalar xavfsizlik qulflarini qayta sinxronlashtirishi kerak. Buning uchun avtomobilning barcha to‘rt eshigi ochiq qoldiriladi va infotainment tizimi orqali bolalar xavfsizlik qulflari bir necha bor yoqib-o‘chiriladi.
GM aynan quyidagi menyudan foydalanish kerakligini ta’kidlamoqda:
Controls > See More Controls > Doors & Windows > Child Safety Locks
Kompaniyaga ko‘ra, multimedia tizimida bolalar xavfsizlik qulfi sozlamalariga olib boruvchi ikki xil yo‘l mavjud. Biroq eshik qulf aktuatorlarini faollashtiradigan ekran aynan yuqoridagi yo‘nalishda joylashgan.
Nosozlik nimadan kelib chiqishi mumkin?

GM izohiga ko‘ra, holat orqa eshikning ichki tutqichi tortilgan paytda bolalar xavfsizlik qulfi yoqilsa yoki o‘chirilsa yuzaga kelishi mumkin. Bunday vaziyatda chap va o‘ng orqa eshikdagi xavfsizlik qulflari bir xil holatda ishlamay qoladi.
Agar ogohlantirish qayta paydo bo‘lsa, avvalo ikkala orqa eshikning ichki tutqichlari to‘liq qo‘yib yuborilganiga ishonch hosil qilish kerak. Shundan keyin bolalar xavfsizlik qulflarini yana yoqib-o‘chirish tavsiya etiladi.
Agar sinxronlashtirish jarayoni muammoni hal qilmasa, GM dilerlarga diagnostika dasturi orqali chap va o‘ng orqa bolalar xavfsizlik qulfi buyruqlarini tekshirishni buyurmoqda. Bu nosozlik manbasini aniqroq aniqlashga yordam beradi.
Shuningdek, ushbu holat 2025-yilgi ayrim GMC Yukon avtomobillarida ham uchrashi mumkin. Bunday modellarda muammoni bartaraf etish uchun qo‘shimcha ta’mirlash ishlari talab qilinishi ehtimoli bor.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Damas haqida siz bilmagan qiziqarli faktlar haqida yozgan edi.