«Oʻrtacha daromad tuzogʻi»dan chiqish yoʻli: nega Oʻzbekiston Markaziy Osiyoning moliya markaziga aylanishi kerak

JSTga a’zo bo‘lgandan keyin mamlakat «o‘rtacha daromad tuzog‘i»ga tushib qolmaslik uchun yangi uzoq muddatli rivojlanish modelini topishi kerak
Toshkent Xalqaro Vestminster universitetining iqtisodiyot boʻyicha katta oʻqituvchisi
Foto: Centrum Air

O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi mamlakat taraqqiyotidagi muhim bosqich sifatida

Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkiloti (JST)ga a’zo boʻlishi mamlakat iqtisodiy transformatsiyasida muhim bosqich boʻlib xizmat qiladi. Tashkilotga a’zolik jahon savdosiga integratsiyani chuqurlashtirish, investorlar ishonchini mustahkamlash, tartibga solish tizimini modernizatsiya qilish va mahalliy biznesning xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin. Biroq JSTga qoʻshilishning oʻzi rivojlangan iqtisodiyotlar bilan uzoq muddatli yaqinlashuvni kafolatlamaydi. Barqaror iqtisodiy oʻsishni ta’minlash va rivojlangan mamlakatlar darajasiga yaqinlashish uchun Oʻzbekiston yaqin oʻn yilliklarda taraqqiyotning asosiy vazifalaridan biri – «oʻrtacha daromad tuzogʻi»ni yengib oʻtishi kerak.

Oʻrtacha daromad tuzogʻi nima

Bu masala dolzarb boʻlib bormoqda, sababi koʻplab rivojlanayotgan mamlakatlar oʻrtacha daromad darajasiga muvaffaqiyatli yetib keladi. Lekin keyingi bosqichda oʻsishni davom ettirishda qiyinchiliklarga duch keladi. Iqtisodiy rivojlanishning dastlabki bosqichida mamlakatlar sanoatlashtirish, ishchi kuchining arzonligi, xorijiy texnologiyalarni joriy etish va infratuzilmani kengaytirish hisobiga oʻsishni ragʻbatlantiradi. Biroq vaqt oʻtishi bilan ish haqi oshadi, unumdorlik oʻsishi sekinlashadi va davlatlar arzonroq ishlab chiqaruvchilar hamda texnologik jihatdan rivojlangan mamlakatlar oʻrtasida siqilib qoladi. Jahon bozorlariga JST orqali kirish imkoniyatlarining kengayishi ham chuqur tarkibiy islohotlarsiz yuqori daromad darajasiga chiqishni ta’minlamaydi.

Oʻzbekiston uchun strategik savol yuzaga keladi: JSTga a’zo boʻlgandan keyin mamlakatning iqtisodiy modeli qanday boʻlishi kerak? Ehtimoliy javoblardan biri jahon moliya tizimida yuz berayotgan oʻzgarishlarda mujassam.

Shveysariya va Singapur saboqlari

Oʻn yillar davomida Shveysariya siyosiy betarafligi, barqaror bank tizimi, maxfiylik tamoyili va geosiyosiy mustaqillik darajasi yuqoriligi tufayli dunyoning eng ishonchli moliyaviy markazlaridan biri sifatida qaralib kelingan. Biroq Rossiya va Ukraina mojarosi boshlanganidan keyin Rossiya aktivlarining muzlatilishi hatto an’anaviy neytral moliyaviy yurisdiksiyalarning siyosiy betarafligi haqidagi tasavvurlarni ham oʻzgartirdi. Sanksiyalar joriy etilishi sabablariga beriladigan bahodan qat’i nazar, koʻplab davlatlar, kompaniyalar va badavlat investorlar geosiyosiy xatarlarni boshqarish, zaxiralarni diversifikatsiya qilish hamda mavjud jahon moliya markazlariga qaramlikni kamaytirish boʻyicha yondashuvlarini qayta koʻrib chiqa boshladi.

Singapur esa prognoz qilinadigan davlat siyosati, qulay geografik joylashuvi, ishonchli huquqiy tizimi, korrupsiyaning pastligi va xalqaro kapital uchun ochiqligi tufayli dunyoning yetakchi moliyaviy markazlaridan biriga aylandi. Singapur va Shveysariya tajribasi barqaror iqtisodiy yetakchilik nafaqat savdoni rivojlantirish, balki global moliya, investitsiyalar va kapitalni saqlash uchun ishonchli yurisdiksiya yaratish orqali ham ta’minlanishini koʻrsatadi.

Shu bilan birga, Rossiya – Ukraina mojarosi boshlanganidan keyin Singapur ham sanksiyalar rejimiga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirdi. Banklar Rossiya bilan bogʻliq operatsiyalarni yanada sinchkovlik bilan tekshira boshladi, sanksiyaga uchragan tashkilotlar bilan hamkorlikni chekladi va moliyaviy monitoringni kuchaytirdi. Bu holat hatto eng yirik moliyaviy markazlar ham tobora geosiyosiy omillarga bogʻliq boʻlib borayotgani haqidagi tasavvurni mustahkamladi.

Jahon moliya tizimining parchalanishi

Bugungi kunda jahon moliya tizimi chuqur geosiyosiy parchalanish davriga qadam qoʻydi. Gʻarb davlatlari tomonidan Rossiya davlat zaxiralari va boshqa aktivlarining muzlatilishi moliyaviy betaraflik hamda suveren aktivlar daxlsizligi haqidagi tasavvurlarni oʻzgartirgan burilish nuqtasi boʻldi. Gʻarb blokidan tashqaridagi koʻplab davlatlar uchun bu holat an’anaviy jahon moliya markazlarining siyosiy betarafligini shubha ostiga qoʻydi.

Jahon moliyasining an’anaviy arxitekturasi barqarorligiga oid ilk shubhalar 2013-yilda Kiprdagi bank inqirozidan keyin paydo boʻlgan edi. Oʻshanda koʻplab xorijiy omonatchilar, jumladan, postsovet mamlakatlaridan boʻlgan mijozlar ham katta yoʻqotishlarga duch kelgan. Rossiya davlat zaxiralarining muzlatilishi esa ushbu transformatsiyaning navbatdagi bosqichi boʻlib, geosiyosiy xatarlar va xalqaro zaxiralarni joylashtirish strategiyalarini qayta baholashni tezlashtirdi.

Shu fonda mavjud jahon moliya tizimini toʻldira oladigan va investorlarga muqobil, siyosiy neytral yurisdiksiyalarni taklif qila oladigan yangi mintaqaviy moliya markazlari paydo boʻlishi uchun tarixiy imkoniyatlar oynasi ochilmoqda.

Markaziy Osiyoga nima uchun oʻz moliya markazi kerak

Markaziy Osiyoning jahon iqtisodiyotidagi roli ortib borayotganiga qaramay, mintaqa hozircha Sharq va Gʻarb, Rossiya va Osiyo, shuningdek, Yaqin Sharq va Yevrosiyo oʻrtasidagi kapital harakati uchun asosiy maydonga aylana oladigan moliyaviy markazga ega emas. Qozogʻiston «Ostona» xalqaro moliya markazini (AIFC) rivojlantirish boʻyicha izchil qadamlar qoʻymoqda, biroq uning salohiyati hamon qator obyektiv omillar bilan cheklangan.

Qozogʻiston iqtisodiyoti hali ham neft eksporti va jahon xomashyo bozorlari konyunkturasiga sezilarli darajada bogʻliq. Bu esa mamlakatning tashqi zarbalarga nisbatan zaifligini oshiradi. Bundan tashqari, mamlakat Rossiya bilan yaqin iqtisodiy, logistika va mudofaa aloqalarini saqlab qolmoqda. Davom etayotgan geosiyosiy keskinlik sharoitida bu xalqaro investorlar tomonidan qoʻshimcha xavf omili sifatida qabul qilinishi mumkin.

Muvaffaqiyatli moliya markazini shakllantirish uchun faqat kapital oqimini ta’minlash yetarli emas. Siyosiy prognoz qilish, institutsional barqarorlik, yurisdiksiya betarafligi va davlatning tashqi siyosatda strategik muvozanatni saqlash qobiliyatiga boʻlgan uzoq muddatli ishonch ham muhim ahamiyatga ega.

Oʻzbekistonning raqobatdagi ustunliklari

Aholi soni boʻyicha Markaziy Osiyodagi eng yirik mamlakat

Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda aholi soni boʻyicha eng yirik mamlakat boʻlib, bu katta ichki bozor, salmoqli kadrlar salohiyati va barqaror ichki talabni shakllantirish uchun zamin yaratadi. Aynan iqtisodiyot va bozor koʻlami xalqaro moliya markazi rivojlanishida muhim rol oʻynaydi, chunki bunday markaz bank, sugʻurta, yuridik, konsalting, ta’lim, texnologik va logistika xizmatlaridan iborat keng ekotizimga tayanadi.

Qulay geografik joylashuv

Oʻzbekiston Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan va mintaqaning barcha davlatlari bilan chegaradosh. Iqtisodiyoti hamda tashqi savdosi sezilarli darajada shimoliy energetika va transport yoʻnalishlariga bogʻliq boʻlgan Qozogʻistondan farqli ravishda Oʻzbekiston nisbatan muvozanatli mintaqaviy mavqega ega. Bu Yevrosiyoning asosiy bozorlari oʻrtasida transport, savdo va moliyaviy aloqalarni rivojlantirish uchun tabiiy shart-sharoit yaratadi.

Islohotlar va modernizatsiya

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston iqtisodiy islohotlar, tartibga solish tizimini modernizatsiya qilish va chuqurroq xalqaro integratsiyaga tayyorligini namoyon etmoqda. JSTga kirish jarayonining oʻzi mamlakatning institutsional oʻzgarishlarga intilishini aks ettiradi. Bank sektori, mikromoliyalashtirish, investitsiya siyosati va xususiy sektorni rivojlantirish borasidagi islohotlar moliya tizimining jadal oʻsishiga allaqachon xizmat qilmoqda. Jumladan, 2025-yilda mikromoliyalashtirish bozori hajmi taxminan $8,57 mlrdga yetdi.

Muvozanatli tashqi siyosat

Oʻzbekistonning tarixan nisbatan muvozanatli tashqi siyosati qoʻshimcha afzallikka aylanishi mumkin. Muvaffaqiyatli moliya markazi bir yoʻnalishga qaram boʻlib qolmasdan, bir vaqtning oʻzida turli geosiyosiy bloklar bilan iqtisodiy munosabatlarni saqlab turishi kerak. Jahon iqtisodiyotining parchalanishi sharoitida betaraflik jiddiy raqobat ustunligiga aylanishi mumkin.

Oʻzbekistonga mintaqaviy moliya markazi maqomi nima beradi

Agar Oʻzbekiston mintaqaviy moliya markaziga aylana olsa, mamlakat an’anaviy industrial rivojlanish modeliga qaramlikni kamaytirishi mumkin. Faqat arzon ishlab chiqarish hisobiga raqobatlashish oʻrniga, iqtisodiyot yanada murakkab va yuqori daromadli yoʻnalishlarni – moliyaviy xizmatlar, xalqaro banking, fintech, investitsiyalarni boshqarish, islomiy moliyalashtirish, sugʻurta va transchegaraviy moliyaviy operatsiyalarni rivojlantirish imkoniyatiga ega boʻladi.

Bu, shuningdek, «oʻrtacha daromad tuzogʻi» bilan bogʻliq xatarlarni yumshatishga yordam beradi. Moliyaviy markazlar unumdorlik oʻsishini nafaqat sanoat ishlab chiqarishi, balki institutlar, inson kapitali, yuqori texnologik xizmatlar va bilimlar iqtisodiyotini rivojlantirish orqali ham ta’minlaydi. Bu borada mehnattalab ishlab chiqarishdan moliya, texnologiya va yuqori qoʻshimcha qiymatga ega xizmatlar sohasiga ixtisoslashishga oʻta olgan Singapur tajribasi ibratlidir.

Qanday islohotlar zarur

Biroq bunday transformatsiya keng koʻlamli institutsional islohotlar va izchil uzoq muddatli strategiyani talab qiladi. Xalqaro moliya markazlarini faqat deklaratsiyalar yoki soliq imtiyozlari bilan yaratib boʻlmaydi. Ularning poydevorini kuchli huquqiy tizim, shaffof tartibga solish, nizolarni hal etishning mustaqil mexanizmlari, korrupsiyaning past darajasi, makroiqtisodiy barqarorlik, prognoz qilinadigan valyuta siyosati, zamonaviy kiberxavfsizlik tizimlari, rivojlangan raqamli moliyaviy infratuzilma, samarali bank nazorati va inson kapitaliga katta investitsiyalar tashkil etadi.

Eng muhimi, ishonchni bir zumda yaratib boʻlmaydi. U yillar davomida islohotlarning izchilligi, tartibga solishning prognoz qilinishi va mukammal institutsional obroʻ tufayli shakllanadi. Biroq jahon moliyaviy arxitekturasidagi oʻzgarishlar yangi oʻyinchilar uchun noyob imkoniyatlar oynasini yaratmoqda. Oʻzbekiston aniq uzoq muddatli strategiya mavjud boʻlsa, undan foydalanishi mumkin.

Tarixiy imkoniyatlar oynasi

Jahon moliya tizimi chuqur transformatsiyani boshdan kechirmoqda. Geosiyosiy parchalanish, sanksiya xatarlari, logistika va investitsiya oqimlarining oʻzgarishi, shuningdek, muqobil moliyaviy yoʻnalishlarga talabning ortishi kapital harakatining global arxitekturasini oʻzgartirmoqda. Shu bilan birga, Markaziy Osiyo hanuz tan olingan xalqaro moliya markaziga ega boʻlmagan dunyoning sanoqli yirik mintaqalaridan biri boʻlib qolmoqda.

JSTga a’zo boʻlish Oʻzbekistonning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvida muhim bosqich boʻladi. Biroq uzoq muddatli istiqbolda mamlakatning nafaqat global savdo ishtirokchisiga, balki xalqaro investitsiyalar, kapital harakati va iqtisodiy oʻzaro bogʻliqlik uchun ishonchli mintaqaviy moliya markazi hamda platformaga aylanish qobiliyati muvaffaqiyatning asosiy omiliga aylanishi mumkin.

Agar Oʻzbekiston ushbu strategiyani amalga oshira olsa, JSTga aʼzo boʻlish tarixda islohotlarning yakuniy maqsadi sifatida emas, balki ancha keng koʻlamli iqtisodiy transformatsiya yoʻlidagi birinchi qadam sifatida qolishi mumkin. Mamlakat resurslar va oʻtish mexanizmlariga asoslangan iqtisodiyotdan Markaziy Osiyoni jahon iqtisodiyoti bilan bogʻlaydigan ishonchli mintaqaviy moliya markazi roliga oʻtish uchun tarixiy imkoniyatga ega boʻlmoqda.

Mavzu bo'yicha materiallar
Ikboljon Kasimov
Ikboljon Kasimov
Oʻzbekiston eksport paradoksi
Savdoni yengillashtirish bo‘yicha islohotlar natija berdi, biroq undan kutilgan eksport faolligidagi o‘sish hali yuzaga chiqmagan