Ingliz huquqi, davlat sudi va arbitraj: O‘zbekiston qanday tizim yaratmoqda

O‘zbekiston tijorat va investitsiyaviy nizolarni hal etish sohasida nufuzli xalqaro yurisdiksiyalardan biri sifatida shaklanib bormoqda
Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Toshkent xalqaro arbitraj markazi (TIAC) direktori
Ingliz huquqi, davlat sudi va arbitraj: O‘zbekiston qanday tizim yaratmoqda
Foto: Depositphotos

O‘zbekiston tijorat va investitsiyaviy nizolarni hal etish sohasida nufuzli xalqaro yurisdiksiyalardan biri sifatida shaklanib bormoqda. Mazkur tendensiya nafaqat yangi huquqiy infratuzilmaning yaratilishi, balki xorijiy biznes vakillarining mamlakat yurisdiksiyasiga bo’lgan ishonchi va munosabati izchil ortib borayotgani bilan ham tasdiqlanmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Toshkent xalqaro arbitraj markazi (TIAC) direktori Diana Bayzakova tashkil etilayotgan Xalqaro tijorat sudi, davlat sudlarining o‘rni, arbitrajning afzalliklari hamda O‘zbekistonning xalqaro nizolarni hal etish markazi sifatidagi istiqbollari haqida o’z fikr-mulohazalarini bildiradi.

Biznes O‘zbekistonni tanlamoqda

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining mamlakatdagi investitsiyaviy muhitni yanada takomillashtirishga qaratilgan islohotlari doirasida PQ-4001-son qaror asosida tashkil etilgan TIACga O‘zbekiston bilan bevosita huquqiy yoki iqtisodiy aloqaga ega bo’lmagan nizolar yuzasidan murojaat qilaayotgan xorijiy kompaniyalar soni izchil ortib bormoqda. Masalan, TIAC yordamida Janubiy Koreya kompaniyasi Qozog‘iston kompaniyasi bilan, Rossiya kompaniyasi esa Singapur kompaniyasi bilan yuzaga kelgan tijorat nizolarinig muvaffaqiyatli hal etdi.

2024–2025-yillarda biz ko‘rib chiqqan ishlarning qariyb 25 foizi, ya’ni chorak qismi da’vogar ham, javobgar ham O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tmagan kompaniyalar bo‘lgan nizolardan iborat edi. 2026-yilda bu tendensiya yanada yaqqol namoyon bo‘ldi. Birinchi yarim yillik yakunlariga ko‘ra, 1-yanvardan 30-iyungacha TIACda ro‘yxatga olingan ishlarning 60 foizdan ortig‘ida nizolashayotgan tomonlarning hech biri – na da’vogar, na javobgar kompaniya O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxs hisoblanmagan.

Biz uchun mazkur ko’rsatkich ishonchning eng muhim belgilaridan biridir. Bu O‘zbekistonni nafaqat mintaqaviy iqtisodiy munosabatlarning faol ishtirokchisi, balki xalqaro tijorat nizolarini hal etish mumkin bo‘lgan mustaqil, betaraf va ishonchli maydon sifatida e’tirof etilayotganini ko‘rsatadi.

Investor tanlov imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda sud tizimini kompleks isloh qilishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Mazkur islohotlarning asosiy maqsadi milliy sud tizimini mahalliy va xorijiy investorlar hamda tadbirkorlik subyektlarining ehtiyojlariga moslashtirish va uning samaradorligini oshirishdan iboratdir.

Shu bilan birga, nizolarni hal etishning har bir mexanizmi o‘ziga xos xususiyatlarga ega ekanligini e’tiborga olish zarur

Tomonlar O‘zbekiston davlat sudiga murojaat qilsa, nizo milliy qonunchilik asosida ko‘rib chiqiladi. Sud jarayoni davlat tilida olib boriladi. Hujjatlar rus tilida ham qabul qilinishi mumkin.

Ayni paytda xalqaro tijorat amaliyotida transchegaraviy shartnomalarni tayyorlash va ijro etishda, shuningdek, biznes muhitida ingliz tilidan keng foydalaniladi. Ingliz huquqi esa xorijiy investorlar va ularning yuridik maslahatchilari uchun keng qo’llaniladigan hamda tijorat amaliyotida yuqori darajada ishonch qozongan huquqiy tizimlardan biri hisoblanadi.

Shu sababli Toshkent xalqaro tijorat sudining (TICC) tashkil etilishi mamlakatimizda nizolarni hal etish bo‘yicha mavjud institutsional infratuzilmani to‘ldiradi. TICC xorijiy sudyalar ishtirokida, ingliz tilida va ingliz umumiy huquqi tamoyillari asosida faoliyat yuritadi. Bunday sudning tashkil etilishi investorlarga yana bir huquqiy jihatdan ishonchli mexanizmni yaratdi. Biznes subyektlari milliy sudlarga murojaat qilishi, xalqaro arbitrajni tanlashi yoki nizoni xalqaro tijorat sudiga topshirish imkoniyatiga ega bo’ldi.

Ushbu institutlar bir-biri bilan raqobatlashmasligi kerak. Aksincha, ular yagona nizolarni hal etish ekotizimni shakllantiradi. Unda investor shartnomaning xususiyati, qo‘llaniladigan huquq, aktivlarning joylashuvi va boshqa holatlardan kelib chiqib, o‘zi uchun eng samarali nizolarni hal etish mexanizmini tanlash imkonini beradi.

Arbitrajning asosiy afzalligi — qarorni ijro etish imkoniyati

Davlat sudi va xalqaro arbitraj o‘rtasidagi muhim institutsional farqlardan biri qabul qilingan qarorni xorijiy yurisdiksiyalarda tan olish va ijro etish imkoniyati bilan bog‘liqdir.

Hatto AQSh yoki Angliya sudlari tomonidan chiqarilgan sud qarorlarini ham boshqa davlat yoki yurisdiksiyada har doim ham murakkabliklarsiz tan olish va ijro etishning imkoni mavjud emas. Bugungi kunga qadar davlat sudlari qarorlarini tan olish va ijro etish bo’yicha arbitraj qarorlari uchun mavjud xalqaro huquqiy mexanizm bilan tenglashadigan universal tizim mavjud emas.

O‘zbekiston bir qator xorijiy davlatlar, jumladan, MDH mamlakatlari va Xitoy bilan huquqiy yordam ko’rsatish to‘g‘risidagi xalqaro shartnomalarni tuzgan. Biroq mazkur shartnomalarning amal qilish doirasi muayyan davlatlar bilan cheklanadi. Agar javobgarning aktivlari, masalan, Fransiya, Germaniya, Angliya, AQSh yoki O‘zbekiston bilan o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risidagi xalqaro shartnoma mavjud bo‘lmagan boshqa davlat hududida joylashgan bo‘lsa, O‘zbekiston davlat sudining qarorini tan olish va ijro etish jarayoni sezilarli darajada murakkablashishi mumkin.

Xalqaro arbitrajda esa tamoman boshqa xalqaro huquqiy mexanizmi, ya’ni xorijiy arbitraj qarorlarini tan olish va ijro etish to‘g‘risidagi 1958-yilgi Nyu-York konvensiyasi amal qiladi. Hozirgi kunda mazkur Konvensiyaga dunyoning 170 dan ortiq davlati qo‘shilgan.

Aynan ushbu xalqaro-huquqiy mexanizm tufayli, masalan, TIAC arbitraj qarorini Turkiya va Saudiya Arabistonidan tortib Avstraliya va AQShgacha bo‘lgan dunyoning deyarli barcha yirik xalqaro biznes yurisdiksiyalarida tan olish va ijro etish uchun taqdim qilish mumkin.

Aynan transchegaraviy ijro etish imkoniyati xalqaro arbitrajning eng muhim institutsional ustunliklaridan biri sifatida e’tirof etiladi.

TIAC arbitraj qarorlaridan biri Rossiya Federatsiyasi hududida tan olingani haqida bizga ma’lum. Qarorlarimizni ijro etish jarayonlari Qozog‘iston, Xitoy va Polshada ham davom etmoqda. Jarayonning davomiyligi tegishli yurisdiksiyaning protsessual qonunchiligiga bog‘liq. Masalan, Polshada bunday jarayon qariyb bir yilgacha davom etishi mumkin, O‘zbekistonda esa bunday masalalar nisbatan qisqa muddatlarda ko‘rib chiqiladi.

O‘zbekistonda arbitrajni qo‘llab-quvvatlovchi yondashuv shakllandi

Xalqaro arbitraj milliy sud tizimidan ajralgan holda samarali faoliyat yurita olmaydi. Arbitraj qarori qabul qilingandan so‘ng uni majburiy ijro etish zarurati yuzaga kelishi mumkin va bunday tartib-taomil milliy sudlar orqali amalga oshiriladi.

Mazkur bosqichda sud nizoning mohiyatini yoki arbitr chiqargan huquqiy xulosalarni emas, protsessual talablarning bajarilganini tekshiradi. Jumladan, tomonlarning belgilangan tartibda xabardor qilinganligi, haqiqiy arbitraj kelishuvi mavjudligi va arbitraj muhokamasi davomida xalqaro protsessual standartlarga rioya etilganligi kabi masalalar ko‘rib chiqiladi.

Shu sababli har qanday arbitraj instituti uchun milliy sudlarning arbitrajni qo‘llab-quvvatlovchi pozitsiyani egallashi nihoyatda muhim. Aynan davlat sudlari arbitraj qarorlarini tan olish va ijroga qaratishni ta’minlaydi. Shu ma’noda, milliy sudlar xalqaro tijorat nizolarini samarali hal etish tizimining ajralmas institutsional elementi hisoblanadi.

O‘zbekistonda bunday amaliyot allaqachon shakllangan. Milliy sudlar xalqaro arbitrajni izchil qo‘llab-quvvatlab, biznes uchun qulay va oldindan huquqiy aniqlikka asoslangan investitsiyaviy muhitni shakllantirmoqda. Aynan shunday sud amaliyoti har qanday zamonaviy yurisdiksiyaga bo‘lgan ishonchning asosiy omillaridan biridir. Bu borada O‘zbekiston milliy sudlari tufayli bugungi kunda ko‘plab boshqa yurisdiksiyalardan sezilarli darajada oldinda bormoqda.

Bugungi kungacha TIACning O‘zbekiston sudlariga ijro etish uchun taqdim qilingan barcha arbitraj qarorlari, jumladan, davlat ulushi mavjud kompaniyaga qarshi chiqarilgan arbitraj qarori ham ijro etilgan.

Bu holat ayniqsa muhim, chunki hozirgacha O‘zbekistonda davlat tashkiloti yoki davlat ishtirokidagi korxonaga qarshi arbitraj qarorini ijro ettirishning imkoni yo‘q, degan qarash mavjud. Amaldagi sud amaliyoti esa mazkur fikrning asossiz ekanligini yaqqol tasdiqlamoqda.

O‘zbekiston sudlari nafaqat TIAC, balki xorijiy arbitraj institutlari tomonidan chiqarilgan arbitraj qarorlarini ham tan olgan va ijroga qaratgan. Xususan, «O‘zbekneftgaz» AJga nisbatan13 million dollardan ortiq miqdorda chiqarilgan arbitraj qarori e’tirozlar bildirilganiga qaramay, O’zbekiston sudi tomonidan tan olingan va ijroga qaratilgan.

Mazkur amaliyot davlat sudlari va arbitraj institutlari o’rtasida institutsional hamkorlik, o’zaro ishonch hamda professional huquqiy muloqotning uzluksiz rivojlanishi qanchalik muhimligini ko‘rsatadi.

Masalan, TIAC jarayon ishtirokchilarini xabardor qilish uchun milliy sudlar ham foydalanadigan gibrid pochta xizmatidan foydalanadi. Ushbu tizim nafaqat hujjatlarning adresatga yetkazilganini tasdiqlash, balki har bir jo‘natmaning tarkibini ishonchli tarzda qayd etish imkonini beradi.

Birinchi qarashda bu texnik masala bo’lib ko‘rinishi mumkin, biroq aynan shunday protsessual jihatlar arbitraj qarorini ijro etish bosqichida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.

Til, qo‘llaniladigan huquq va ixtisoslashgan arbitrlar

Arbitrajda tomonlar ish yuritish olib boriladigan tilni mustaqil ravishda tanlash huquqiga ega. Bu o‘zbek, rus, ingliz yoki tomonlar o’zaro kelishuviga ko’ra istalgan boshqa til bo‘lishi mumkin.

Bunday holatda TIAC nafaqat tegishli tilni biladigan, balki muayyan nizoning xususiyati va murakkabligini inobatga olgan holda zaruriy kasbiy hamda amaliy professional tajribaga ega arbitrni tanlaydi. TIAC ishlarini ko‘rib chiqishga Buyuk Britaniya, AQSh, Gonkong, Singapur, Rossiya va boshqa yurisdiksiyalardan arbitrlar jalb qilinadi. Bu esa har bir transchegaraviy nizoning o‘ziga xos xususiyatlarini to’liq hisobga olish imkonini beradi.

Tomonlar qo‘llaniladigan huquqni ham mustaqil ravishda tanlashlari mumkin. Bunday huquq albatta O‘zbekiston qonunchiligi bo‘lishi shart emas. TIAC amaliyotida ingliz, Niderlandiya, Rossiya, Qozog‘iston huquqi, xalqaro konvensiyalar va boshqa huquqiy tizimlar qo‘llaniladigan nizolarni ko‘rib chiqqan va ko‘rib chiqishda davom etmoqda.

Muayyan sohada tajribaga ega mutaxassisni jalb qilish imkoniyati ayniqsa muhim. Qurilish, neft-gaz, energetika, infratuzilma va texnologiyalar sohasidagi nizolarni ko’rib chiqishda ko‘pincha murakkab texnik va maxsus bilimlarni talab qiluvchi masalalarni tushunish talab etiladi.

Davlat sudi sudyasi har doim ham tor bir sohada ixtisoslashgan bo‘lavermaydi. Arbitrajda esa tomonlar qurilish shartnomalari, energetika, yuqori texnologiyalar, sport huquqi yoki hatto atom energetikasi sohasida ko’p yillik, professional faoliyat yuritadigan mutaxassis-arbitrni tanlashimkoniyatga ega.

Bu esa nizoni nafaqat huquqiy nuqtayi nazardan, balki tegishli tarmoqning texnik va iqtisodiy xususiyatlarini inobatga olgan holda kompleks tarzda ko‘rib chiqish imkonini beradi.

Qaror o‘rtacha sakkiz oy ichida chiqariladi

Arbitrajning yana bir muhim xususiyati – nizoning mohiyati bo‘yicha apellyatsiya tartibining mavjud emasligidir. Shu sababli, Arbitr yoki arbitraj tribunalining qarori yakuniy hisoblanadi.

Davlat sudlarida ish birinchi instansiya, apellatsiya va kassatsiya instansiyalaridan ko’rib chiqilishi mumkin. Bosqichlarning ko‘pligi nizoni hal etishning umumiy davomiyligiga ta’sir qiladi.

Ichki tahlilimiz ma’lumotlariga ko‘ra, da’vo arizasi qabul qilingan vaqtdan boshlab yakuniy arbiraj qarori chiqarilgunga qadar TIACdagi ish yuritish jarayoni o‘rtacha sakkiz oy davom etadi.

Taqqoslash maqsadida, Singapurda o‘rtacha muddat 11,7 oyni, Londonda qariyb 16 oyni, Parijda esa ikki yildan ko‘proq — taxminan 26 oyni tashkil etishi mumkin.

Shu bilan birga, xalqaro arbitraj amaliyotida sakkiz oyni haddan tashqari uzoq muddat deb hisoblab bo‘lmaydi. Arbitraj qarori yakuniy xususiyatga ega bo‘lgani sababli, protsessual kafolatlarning to‘liq ta’minlanishi hamda taraflarning huquqlari to‘liq himoya qilinishi alohida ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekistondan tashqarida joylashgan javobgarni tegishli tartibda xabardor qilish ayniqsa ko‘p vaqt olishi mumkin. Ba’zida tomon hujjatlarni qabul qilishdan bosh tortadi yoki arbitraj muhokamasida ishtirok etishdan bo‘yin tovlaydi. Shu sababli arbitraj instituti kelgusida arbitraj qarorini tan olish va majburiy ijroga qaratish bosqichida protsessual e’tirozlar yuzaga kelmasligini ta’minlash maqsadida qonunchilikda nazarda tutilgan barcha zarur choralarni ko‘rishi lozim.

Arbitraj — bu tomonlarning ixtiyoriy kelishuvi natijasidir

Nizoni xalqaro arbitrajga topshirish faqat taraflarning o‘zaro roziligi mavjud bo‘lgan taqdirdagina mumkin.

Arbitraj — bu tomonlarning ixtiyoriy kelishuvi natijasidir. Qonunchilik kompaniyalarni shartnomaga TIAC yoki boshqa arbitraj instituti haqidagi arbitraj bandni kiritishga majbur qilmaydi.

Ba’zan kompaniyalar arbitraj bandini kiritgani haqida bizga o‘zlari xabar beradi. Yirik loyihalar doirasida TIAC nizolarni hal etish mexanizmi bo‘yicha muzokaralarda ham ishtirok etishi, kontragentlarga arbitrajning o‘ziga xos jihatlari va afzalliklarini tushuntirishi mumkin.

Bizga ma’lum bo‘lgan shartnomalarga ko‘ra, 2025-yilda TIAC arbitraj bandi kiritilgan bitimlarning umumiy qiymati 2 milliard dollardan oshgan. Gap markaz tasdiqlangan ma’lumot olgan shartnomalar haqidagina bormoqda. Haqiqiy hajm bundan ham ko‘p bo‘lishi mumkin, chunki tomonlar arbitraj bandi kiritilgani haqida bizni xabardor qilishga majbur emas.

Tomonlar allaqachon tuzilgan shartnomada tanlangan arbitraj institutini o‘zgartirgan holatlar ham bo‘lgan. Masalan, tomonlar qo‘shimcha kelishuv orqali Singapur arbitrajini yoki Parijdagi ICC Xalqaro arbitraj sudini TIACga almashtirgan. Bu faqat tomonlarning o‘zaro roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

Arbitraj arzon emas, biroq xarajatlarni kamaytirish mumkin

TIAC hech qachon o‘z faoliyatini arzon arbitraj xizmatlarini taklif qiluvchi institut sifatida ko‘rsatishni maqsad qilmagan. Malakali xalqaro arbitrlarning mehnati xalqaro standartlarga muvofiq haq to‘lanishini talab qiladi. Faqat shundagina kuchli mutaxassislarni jalb qilish va qarorlarning sifatini ta’minlash mumkin.

Ayni paytda TIAC xarajatlari modeli tomonlarga dunyoning eng yirik xalqaro markazlar bilan taqqoslaganda sezilarli darajada mablag’ tejash imkonini beradi.

Bizda ma’muriy yig‘im undirilmaydi. Bevosita markaz foydasiga amalga oshiriladigan yagona to‘lov — ariza topshirilganda undiriladigan ro‘yxatdan o‘tkazish yig‘imi bo‘lib, hozirda uning miqdori 950 AQSH dollarini tashkil etadi. Qolgan xarajatlar arbitrning gonorarini tashkil qiladi.

Tomonlar arbitraj xarajatlarini hisoblashda TIAC tomonidan belgilangan standart xarajatlar shkalasidan foydalanishlari yoki arbitrning gonorarini hisoblashda muqobil usul bo‘yicha mustaqil ravishda kelishib olishi mumkin. Masalan, qat’iy belgilangan gonorar yoki soatbay stavka o‘rnatilishi mumkin.

Masalan, 65 million AQSH dollari miqdoridagi da’vo talabi bo’yicha iqtisodiy sudga murojaat qilinganda davlat boji da’vo summasining 2 foizini, ya’ni 1 million 300 ming AQSH dollarini tashkil etgan bo‘lardi. TIACning standart xarajatlar shkalasi bo’yicha esa taxminan 150 ming AQSH dollarini tashkil etishi mumkin edi. Biroq mazkur ishda tomonlar arbitrga soatiga 500 AQSH dollari miqdorida qat’iy gonorar to‘lashga kelishishdi va shu tariqa xarajatlarning umumiy miqdorini bir necha baravarga kamaytirdi.

O‘rtacha hisobda ma’muriy yig‘imning mavjud emasligi London, Parij yoki Singapur bilan taqqoslaganda umumiy arbitraj xarajatlarini 30–50 foizga kamaytirish imkonini beradi.

Maxfiylik arbitrajning asosiy afzalliklaridan biri bo‘lib qolmoqda

Davlat sudlaridagi ish yuritishdan farqli ravishda, arbitraj jarayoni odatda maxfiylik prinsipi asosida amalga oshiriladi.

TIAC qarorini faqat tomonlarning roziligi bilan e’lon qilishi mumkin. Ayrim qarorlar shaxsga doir ma’lumotlar anonimlashtirilgan holda e’lon qilinadi. Bunday hollarda tomonlarni identifikatsiya qilish imkonini beruvchi barcha ma’lumotlar chiqarib tashlanadi, biroq arbitraj tribunalining huquqiy tahlili va asoslantirilgan yondashuvi to‘liq saqlab qolinadi.

Bu biznesga zarur maxfiylik darajasini ta’minlaydi va ayni paytda yuridik hamjamiyatga arbitraj amaliyoti qanday shakllanayotganini tushunish imkonini beradi.

O‘zbekiston ultra zamonaviy xalqaro yurisdiksiyaga aylanishi mumkin

2030-yilga kelib O‘zbekistonni ultra zamonaviy yurisdiksiya hamda xalqaro tijorat va investitsiyaviy nizolarni hal etish bo‘yicha yetakchi, eng zamonaviy markazlardan biri sifatida tasavvur qilaman.

Bu nafaqat O‘zbekiston kompaniyalari ishtirokidagi nizolarni, balki mamlakatimiz bilan bevosita aloqasi bo‘lmagan mintaqaviy va xalqaro nizolar bo‘yicha ham murojaat qilinadigan maydon bo‘lishi kerak. Barcha belgilar respublika bu maqsad sari yo‘lni allaqachon boshlaganini ko‘rsatmoqda.

Endi o‘z pozitsiyalarimizni mustahkamlashda davom etish, infratuzilmamizning O‘zbekiston ichidagi va xorijdagi biznes hamda yuridik hamjamiyat orasida tanilish darajasini oshirish zarur.

Xalqaro tijorat sudining tashkil etilishi, TIACning rivojlanishi va milliy sud tizimining isloh qilinishi yagona umumiy ekotizimning tarkibiy qismlaridir.

Eng muhimi — amalga oshirilayotgan islohotlarning izchilligini saqlab qolishdir. So‘nggi yillarda bugungi nuqtaga yetib kelish uchun ulkan ishlar amalga oshirildi. Bu ishlarning natijalari bugunning o‘zidayoq yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Xorijiy kompaniyalar o‘z nizolarini hal etishni O‘zbekistonga ishonib topshira boshladi. Endi bu ishonchni yanada mustahkamlash va xalqaro miqyosda izchil rivojlantirish ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Mavzu bo'yicha materiallar