Yanada talabchan, tezkor va batafsil: Oʻzbekistonda biznes jurnalistikasi va unga munosabat qanday oʻzgarmoqda

Islohotlar, transformatsiya va Oʻzbekiston kompaniyalarining ochiq kapital bozorlariga chiqishi mamlakat biznes jurnalistikasini oʻzgartirmoqda. U ijobiy ma’noda yanada talabchan, tezkor va batafsil boʻlib bormoqda. Mamlakatda sifatli va tezkor axborotga talab ortmoqda, OAV esa bu talabga javob bera boshladi. Bundan tashqari, ular yangiliklarda tilga olinadigan kompaniyalar va mansabdorlarning jurnalistlar qanday ishlashi, nima uchun ular bilan gaplashish kerakligi haqidagi tasavvurini ham oʻzgartirmoqda. OAVni faqat yaxshi xabarlarni chiqaradigan devoriy gazeta, «yomonlar» haqidagi ruknni esa boshqarish va toʻliq nazorat qilish mumkin boʻlgan maydon sifatida qabul qilish davri ortda qolmoqda.
Biznes qarorlar qabul qiladigan oʻquvchilarga «oʻzaro anglashuv ruhida oʻtgan konstruktiv uchrashuvlar» va hech kimni hech narsaga majbur qilmaydigan navbatdagi memorandum imzolangani haqidagi materiallar kerak emas. Ularga faktlar, raqamlar, dalillar va tendensiyalar kerak. Ular ijtimoiy tarmoqlardagi shovqin emas, tahririyat nazoratidan oʻtgan, tekshirilgan axborotni kutadi. Chunki ijtimoiy tarmoqlarda ba’zan foydali narsani topish mumkin boʻlsa-da, undagi ma’lumotlarning toʻgʻriligi uchun hech kim javobgar emas.
Oʻquvchilar manfaatidan kelib chiqadigan kasbiy qiziquvchanlik; obyektivlik – barcha tomonlarga fikr bildirish imkonini berish; sogʻlom skeptitsizm – hamma narsani shubha ostiga qoʻyish va tekshirish; yozayotgan mavzuni chuqur tushunish – bularning barchasi xususiylashtirish, IPO va ba’zan qanchalik murakkab boʻlmasin, hatto korporativ nizolar haqida yozadigan oʻzbekistonlik jurnalistlar uchun qoidaga aylanib bormoqda.
Bu borada Oʻzbekiston Milliy investitsiya fondi IPOsi yoritilishi juda yaxshi misol boʻldi. Bu mamlakat uchun Oʻzbekistonda va xorijda ikki tomonlama listingga ega ilk IPO boʻlishiga qaramay, yetakchi biznes nashrlar toʻplangan tajriba, tahririyatlarining ishtiyoqi va energiyasi tufayli oʻquvchilarga bitim haqida sifatli axborot yetkazib bera oldi.
Murakkab moliyaviy mavzu, huquqiy jihatlar bilan toʻldirilgan bir necha sahifalik press-relizlar juda qisqa vaqt ichida tahririyat standartlari va oʻquvchilar ehtiyojiga mos materiallarga aylantirildi: eng muhim jihatlar ajratib olindi, tezkor e’lon qilindi, keyin esa Telegram-kanallar va blogerlar orasida tarqaldi. U yerda esa muhokamalar, fikr almashuvlar boshlandi.
Oʻzbekiston OAVida bitim jarayoni haqida xorijiy muxbirlar yetib bora olmagan eksklyuziv materiallar chiqdi. Mahalliy jurnalistlar aynan oʻz oʻquvchilari uchun muhim boʻlgan tafsilotlarga chuqur kirib bordi. Ularning koʻpchiligi UzNIF aksiyadorlariga aylanganini hisobga olsak, bu ayniqsa, muhim edi. Jurnalistlar ma’lumotlarni toʻpladi, tahlil qildi, umumlashtirdi va juda sifatli sharhlar bilan chiqdi.
Mamlakatda bir nechta yetakchi nashr allaqachon oʻzaro raqobat qilmoqda, bitimlarni yoritmoqda, eksklyuziv izlamoqda. Ularning xorijiy biznes OAVdagi hamkasblari Oʻzbekiston nashrlariga havola bergan holda materiallar chiqara boshlaydigan kunni intiqlik bilan kutyapman. Chunki ular shuni tushunadi: bu nashrlarga tayanish mumkin, u yerda hamma narsa tekshirilgan, jurnalistlar esa oʻz ishini ulardan kam bilmaydi. Oʻylaymanki, deylik, The Financial Times Kursiv.uz eksklyuziviga tayangan holda xabar chiqaradigan kun ham uzoq emas.
OAVning bunday qat’iyati, energiyasi va professionalligi sogʻlom investitsiya muhiti uchun zarur shartdir. Xususiy yoki davlat kompaniyasining har bir menejeri, har bir amaldor kompaniya qayerga harakat qilayotgani, aksiyadorlar uchun qiymatni qanday yaratishi, davlat organi oʻz oldiga qoʻyilgan vazifalarni qanday bajarayotgani haqida faqat yopiq yigʻilishlarda emas, balki OAV orqali investorlar, soliq toʻlovchilar va hatto mamlakat rahbariyatiga ham aytib berish kerakligini tushunishi lozim. Muammolarni esa gilam ostiga yashirib boʻlmaydi.
OAV – oʻrmon sanitarlari kabi: ular xotirjam boʻlib qolishga, va’dalarni unutishga, haqiqatni yashirishga yoʻl qoʻymaydi. Ular tetiklikni ta’minlaydi, boʻshashishga yoʻl qoʻymaydi. Biznes va davlat organlari tepasida eng yaxshi, eng kuchli, sergʻayrat insonlar turishi kerak. Talablarga javob bermasang yoki charchagan boʻlsang – oʻrningni boshqalarga boʻshat. OAV esa bu tabiiy saralashni ragʻbatlantiradigan mexanizmlardan biridir. Uning mavjudligi bilan kelishishga toʻgʻri keladi. Ammo oqim boʻylab suzib ketish emas, ishlash va oʻz obroʻsini oqilona boshqarish kerak.
Islohotlar davom etgani sari OAVning talabchanligi va e’tibori yanada ortadi. Bu talabchanlik bekorchi qiziqishdan emas, oʻquvchilar manfaatidan kelib chiqadi.
Davlat va xususiy kompaniyalar aksiyalarining yangi ommaviy joylashtirilishi, xususiylashtirish jarayonining davom etishi mamlakat ichida ham, xorijda ham manfaatdor tomonlar sonini koʻpaytiradi va axborot maydonini yopiq doiralardan olib chiqib, yanada ochiq qiladi.
Mavzuni eng chuqur tushunadiganlar esa mahalliy jurnalistlar boʻladi. Aynan ular Oʻzbekiston kontekstini his qiladi. Aynan ulardan chuqur tahlil, eksklyuziv materiallar hamda aniq va tezkor yangiliklar kutiladi.