
O‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov Xorvatiyada o‘tgan Super Rapid and Blitz Croatia turnirida ikkinchi o‘rinni egalladi. O‘zbekiston shaxmat federatsiyasiga ko‘ra, u musobaqa yakunida $42,5 ming mukofotga ega bo‘ldi.
Turnir Zagreb shahrida o‘tkazildi
1–5-iyul kunlari Xorvatiyaning Zagreb shahrida Grand Chess Tour 2026 musobaqasining uchinchi bosqichi Super Rapid and Blitz Croatia turniri bo‘lib o‘tdi.
Unda dunyoning eng kuchli 10 nafar grossmeysteri ishtirok etdi. O‘zbekiston sharafini Nodirbek Abdusattorov himoya qildi.
Abdusattorov Firouzja bilan bir xil ochko jamg‘ardi

Rapid va blits yo‘nalishlari yakuniga ko‘ra, Nodirbek Abdusattorov 23,5 ochko to‘pladi. U Fransiya vakili Alireza Firouzja bilan bir xil natija qayd etdi. G‘olibni aniqlash uchun tay-brek o‘tkazildi.
Ikki partiyadan iborat tay-brek 1:1 hisobida yakunlandi. Armageddon bahsida esa g‘alaba Firouzjaga nasib etdi.
O‘zbekistonlik shaxmatchi $42,5 ming mukofot oldi

Yakuniy natijalarga ko‘ra, birinchi o‘rinni Alireza Firouzja egalladi. Nodirbek Abdusattorov ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. U musobaqani kumush medal bilan yakunlab, $42,5 ming mukofot sohibiga aylandi.
Uchinchi o‘rin esa Fransiya vakili Maksim Vashye-Lagravga nasib etdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Javohir Sindarov Naroditsky Memorial’da ikki yo‘nalishda chempion bo‘lgani ma’lum qilingandi. Sindarov Naroditsky Memorial Rapid 2026 turnirini 7 imkoniyatdan 6 ochko bilan yakunladi.
U tay-brekda hindistonlik Aravind Chitambaram ustidan g‘alaba qozonib, birinchi o‘rinni egalladi. Ushbu yo‘nalishdagi g‘oliblik uchun shaxmatchi $3 ming mukofotga ega chiqdi.