Abbosbek Fayzullayev Rossiyada tanqid qilinmoqda

9-iyul 2026 11:24 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Abbosbek Fayzullayev Rossiyada tanqid qilinmoqda
Foto: Instagram/ Fayzullayev

Sobiq SSSR terma jamoasi himoyachisi Vladimir Ponomaryov tomonidan Abbosbek Fayzullayev tanqid ostiga olingan. U Portugaliyaning O‘zbekiston ustidan 5:0 hisobida g‘alaba qozongan uchrashuvini eslab o‘tgan.

Ponomaryovning fikricha, Portugaliya yaxshi o‘yin namoyish etgan, biroq yirik hisobning yuzaga kelishida O‘zbekiston terma jamoasining sust harakati ham muhim rol o‘ynagan.

«Portugaliyaliklar juda yomon o‘ynamadi, ammo masala O‘zbekiston terma jamoasining haddan tashqari kuchsiz ekanida. Bu kerakli daraja emas. Fayzullayev ham maydonda edi va xatolarga yo‘l qo‘ydi. Yaxshiyamki, u hozir «SSKA»da o‘ynamayapti», – degan sobiq futbolchi.

U, shuningdek, Portugaliya terma jamoasi sardori Krishtianu Ronalduning chempionatdagi ishtirokini ham alohida e’tirof etgan. Ponomaryovning ta’kidlashicha, avvalgi uchrashuvlarda kutilgan darajada ko‘rina olmagan hujumchi O‘zbekistonga qarshi bahsda o‘z imkoniyatlarini to‘liq namoyish etgan.

O‘zbekistonning JChdagi ishtiroki

Foto: Instagram

Terma jamoa mundialdagi dastlabki uchrashuvini Kolumbiyaga qarshi o‘tkazib, 1:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. O‘zbekiston futbolchilari ayrim vaziyatlarda munosib qarshilik ko‘rsatgan bo‘lsa-da, Janubiy Amerika vakillarining individual mahorati va hujumdagi faolligi natijaga ta’sir ko‘rsatdi.

Ikkinchi turda O‘zbekiston Portugaliyaga qarshi maydonga tushdi va 0:5 hisobida yirik mag‘lubiyatga uchradi. Ushbu o‘yinda himoyadagi xatolar, raqib bosimi ostida to‘pni olib chiqishdagi qiyinchiliklar hamda xalqaro tajriba yetishmasligi yaqqol namoyon bo‘ldi.

Guruh bosqichining so‘nggi uchrashuvida esa O‘zbekiston Kongo Demokratik Respublikasiga 1:3 hisobida imkoniyatni boy berdi. Ushbu natija Kongo DRga keyingi bosqich yo‘llanmasini taqdim etgan bo‘lsa, O‘zbekiston mundialdagi ishtirokini guruh bosqichida yakunladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Abbosbek Fayzullayev kimga uylanayotgani haqida yozgan edi.

Shuningdek