Chevrolet Cobalt Ozarbayjonda ham ishlab chiqariladi

9-iyul 2026 13:24 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Chevrolet Cobalt Ozarboyjonda ham ishlab chiqariladi
Foto: Autostrada

Ozarbayjonning Hojigabul shahrida 2027-yildan Chevrolet Cobalt avtomobilini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Xurram Teshabayev Report.az nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Loyiha Azermash CP kompaniyasi va «O‘zavtosanoat» aksiyadorlik jamiyati hamkorligida amalga oshirilmoqda. Ikkinchi bosqichning umumiy qiymati $84,3 mlnni tashkil etadi.

Teshabayevning aytishicha, asosiy tayyorgarlik ishlari yakunlangan, yetkazib beruvchilar aniqlangan hamda texnologik uskunalar va ishlab chiqarish liniyalari uchun buyurtmalar joylashtirilgan. Ayni paytda yangi ishlab chiqarish majmuasi qurilmoqda. Unda, jumladan, Chevrolet Cobalt modelini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Xurram Teshabayev / Foto: Report.uz

Korxona foydalanishga topshirilgach, avtomobillarni yirik uzelli yig‘ishdan to‘liq sanoat ishlab chiqarish sikliga o‘tiladi. Bu ishlab chiqarish hajmini sezilarli oshirish va modellar qatorini kengaytirish imkonini beradi.

Hojigabuldagi korxonada Chevrolet avtomobillari va Isuzu avtobuslarini yirik uzelli yig‘ish 2022-yilda boshlangan. O‘tgan davr mobaynida zavodda 9 mingdan ortiq transport vositasi ishlab chiqarilgan.

Loyihaning ikkinchi bosqichidagi asosiy vazifalardan biri mahalliylashtirish darajasini bosqichma-bosqich oshirish hisoblanadi. Ozarbayjonda ishlab chiqariladigan ehtiyot qismlardan foydalanishni kengaytirish, mahalliy yetkazib beruvchilar tarmog‘ini shakllantirish hamda murakkabroq texnologik jarayonlarni o‘zlashtirish rejalashtirilgan.

Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda avtomobilni rasmiylashtirish qancha turishi haqida yozgan edi.

Shuningdek