Jahon chempionatining finalidagi tarixiy shouda qaysi yulduzlar ishtirok etadi

9-iyul 2026 18:38 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Jahon chempionatining finalidagi tarixiy shouda qaysi yulduzlar ishtirok etadi
Foto: FIFA

Kanadalik qo‘shiqchi Jastin Biber futbol bo‘yicha Jahon chempionati finalida ilk bor tashkil etiladigan tanaffus shousi ishtirokchilari safiga qo‘shildi. FIFA ma’lumotiga ko‘ra, musiqiy dastur 19-iyul kuni AQShning Nyu-Jersi shtatidagi MetLife Stadium’da bo‘lib o‘tadi.

Yulduzlar bir sahnada jam bo‘ladi

11 daqiqa davom etadigan shouda Jastin Biber bilan birga Madonna, Shakira, Janubiy Koreyaning BTS guruhi, nigeriyalik xonanda Burna Boy va venesuelalik dirijyor Gustavo Dudamel ham sahnaga chiqadi.

Musiqiy dasturni britaniyalik Coldplay guruhi yetakchisi Kris Martin tayyorlamoqda. Shuningdek, sahna ko‘rinishlarida Sesame Street va The Muppets qahramonlari ham ishtirok etadi.

FIFA milliardlab tomoshabinni kutmoqda

FIFA prezidenti Janni Infantino final uchrashuvi tanaffusidagi shouni futbol tarixidagi eng yirik musiqiy loyiha deb atadi. Tashkilotchilar translyatsiyani dunyo bo‘ylab 2 milliardga yaqin tomoshabin kuzatishini kutmoqda.

Shou xayriya maqsadiga xizmat qiladi

Tadbirdan tushadigan mablag‘lar FIFA va Global Citizen hamkorligidagi ta’lim jamg‘armasiga yo‘naltiriladi. Loyiha Jahon chempionati davomida dunyo bo‘ylab bolalar ta’limi uchun $100 mln yig‘ishni maqsad qilgan.

Jastin Biber ushbu tashabbusda ishtirok etayotganidan mamnunligini bildirib, shou nafaqat muxlislarni birlashtirishi, balki bolalarning ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishga ham hissa qo‘shishini ta’kidladi.

Tanaffus qancha davom etadi

Musiqiy chiqish 11 daqiqa davom etsa-da, sahnani o‘rnatish va yig‘ishtirish ishlari sabab uchrashuv tanaffusi odatdagi 15 daqiqadan uzoqroq bo‘lishi mumkin. Shunga qaramay, tashkilotchilar avval tarqalgan 25 daqiqalik tanaffus haqidagi taxminlarni rad etdi.

Bu futbol bo‘yicha Jahon chempionati finali tarixida tanaffus paytida o‘tkaziladigan ilk yirik musiqiy shou bo‘ladi.

Avvalroq «Kursiv» nashri FIFA prezidenti O‘zbekiston terma jamoasini tarixiy natija bilan tabriklagani haqida yozgandi.

Shuningdek