
Chevrolet 2026-yil iyul oyida AQSh bozorida Chevrolet Tracker xaridorlari uchun yangi moliyaviy dasturlarni ishga tushirdi. Bu haqda GMAutority nashri xabar bermoqda.
Takliflar orasida foizsiz va pasaytirilgan stavkali kredit, shuningdek, butun mamlakat bo‘ylab amal qiladigan lizing dasturi mavjud.
2026-yilgi Chevrolet Tracker’ni GM Financial orqali moliyalashtirgan xaridorlarga 36 oy muddatga yillik 0 foizli kredit taklif qilinmoqda. Bundan tashqari, avtomobilni 48 oyga 2,9 foiz, 60 oyga 3,9 foiz yoki 72 oyga 4,9 foiz stavka bilan xarid qilish mumkin.

Tracker LT versiyasi uchun lizing dasturi ham joriy etilgan. Unga ko‘ra, avtomobil 24 oy davomida oyiga $299 dan taklif qilinadi. Yillik yurish limiti 10 ming milni tashkil etadi. 2021-yilda yoki undan keyin ishlab chiqarilgan avtomobilni lizing asosida ishlatayotgan mijozlardan shartnoma imzolash vaqtida $2,8 ming miqdorida dastlabki to‘lov talab qilinadi. Garov puli esa olinmaydi.
Iyul oyida avtomobilni naqd pulga xarid qiluvchilar uchun alohida chegirma ko‘zda tutilmagan. Amaldagi moliyaviy takliflar 2026-yil 3-avgustgacha amal qiladi.
Texnik imkoniyatlar va narx

2026-yilgi Tracker AQSh bozorida beshta komplektatsiyada sotiladi. LS versiyasining boshlang‘ich narxi $23 495, 1RS va LT variantlari $24 995 dan, 2RS hamda Activ versiyalari esa $27 195 dan boshlanadi.
Ushbu narxlarga $1 795 miqdoridagi yetkazib berish xarajati ham kiritilgan.
Model 1,2 litrli uch silindrli turbomotor bilan jihozlangan. Dvigatel 137 ot kuchi va 219 Nm aylantiruvchi moment ishlab chiqaradi. Avtomobil E85 turidagi yoqilg‘idan foydalanishni ham qo‘llab-quvvatlaydi.
2026-yilgi modelda asosiy texnik tuzilma saqlanib qolgan, biroq ikkita yangi kuzov rangi va LT komplektatsiyasi uchun Midnight Edition to‘plami qo‘shilgan. Chevrolet Tracker AQShdagi eng arzon yangi avtomobillardan biri sifatida qolmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chevrolet Damas 3 haqida yozgan edi.