Xorijiy investorlar kengashi Oʻzbekistonning ishbilarmonlik muhitini qanday oʻzgartirmoqda

YTTB taklif qilgan XIK modeli dunyoning 13 ta davlatida, jumladan, O‘zbekistonda ham bor
Xorijiy investorlar kengashi kotibiyati rahbari
Xorijiy investorlar kengashining 2026-yil 18-iyundagi majlisi / Foto: president.uz

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashi (XIK) keng koʻlamli institutsional oʻzgarishlarni boshdan kechirdi. Aslida ochiq muloqot maydonchasi sifatida tashkil etilgan ushbu platforma qonunchilikni modernizatsiya qilishda bevosita ishtirok etuvchi mustaqil tashkilotga aylandi. Toshkentning tashabbuslari endi qoʻshni davlatlarda ham ommalashmoqda. Xorijiy biznes qiyofasining oʻzgarishi, Kengashning yangi maqomi va Mintaqaviy alyansning tashkil etilishi haqida XIK kotibiyati rahbari Aziz Gafurov Kursiv Uzbekistan uchun maxsus maqola yozdi.

Yangi maqom va moliyaviy mustaqillik

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) tashabbusi bilan boshlangan Xorijiy investorlar kengashi modeli dunyoning 13 ta davlatida joriy etilgan boʻlib, Oʻzbekiston ushbu kengashning oʻn uchinchi ishtirokchisiga aylandi. Mamlakatimiz ushbu model asosida davlat va xorijiy investorlar oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri muloqot olib boriladigan noyob vosita yaratdi. Bizning holatda bu muloqot eng yuqori darajaga olib chiqilgan: Kengashga shaxsan davlat rahbari raislik qiladi, YTTB prezidenti esa hamrais hisoblanadi.

Oʻtgan yilning oxirida muhim voqea yuz berdi. Xorijiy investorlar kengashining Yalpi majlisi yakunlariga koʻra, prezident ishtirokchilarning Kengashni yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan nodavlat notijorat tashkiloti (NNT)ga aylantirish haqidagi taklifini qoʻllab-quvvatladi. 2025-yil noyabr oyida Xorijiy investorlar kengashi kotibiyati rasman yuridik shaxslar birlashmasi – «Foreign Investors Council» (Assotsiatsiya) shaklidagi NNT maqomini oldi. Shu tariqa Kengash keyingi rivojlanish uchun oʻz institutsional asosiga ega boʻldi.

Biz rasmiy a’zolik va a’zolik badallari tizimini joriy etdik. Agar oldin tadbirlar va ishchi guruhlar, asosan, YTTB koʻmagida moliyalashtirilgan boʻlsa, 2025-yil oxiridan boshlab Kengash oʻz ishtirokchilari mablagʻlari hisobidan oʻzini-oʻzi moliyalashtirish modeliga oʻtdi. Bu esa investorlar tashabbuslari ustida yanada chuqurroq va tizimli ishlash hamda ularni hayotga tatbiq etish imkonini berdi.

Shu bilan birga, hamjamiyatning koʻlami ham sezilarli darajada kengaydi. Yalpi majlislar oraligʻidagi bir yil ichida Kengash ishtirokchilari soni 54 tadan 85 ta kompaniyaga yetdi, biznesning Kengash faoliyatidagi ishtiroki esa besh baravarga oshdi. Bugungi kunda Kengash a’zolari 19 ta davlat va iqtisodiyotning 23 ta tarmogʻini (energetika va sanoatdan tortib moliyaviy xizmatlar, texnologiyalar va raqamli iqtisodiyotgacha) qamrab olgan. Eng muhimi, Kengashga a’zo investorlar Oʻzbekistonning barcha hududlarida oʻz faoliyatini olib bormoqda. Bu biz uchun shunchaki ishtirokchilar sonining oʻsishi emas. Bu biznes Kengashni davlat bilan hamkorlik qilishning amaliy mexanizmi va mamlakatda investitsiya muhitini shakllantirishda ishtirok etishning real imkoniyati sifatida koʻrayotganidan dalolat.

Koʻp tomonlama muloqotga oʻtish va tanlovning yangi mezonlari

2025-yilda Prezident yana bir muhim tashabbusni qoʻllab-quvvatladi. Kengash a’zolari va institutlarning oʻzlari tomonidan berilgan taklifga binoan Ijroiya qoʻmitasi kengaytirildi. Endilikda YTTB bilan bir qatorda uning faoliyatida Osiyo taraqqiyot banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi ham ishtirok etmoqda.

Bu muloqot sifatini tubdan oʻzgartiradi. Biz global biznes, xalqaro moliya institutlari va davlat tajribasini yagona maqsad – investitsiyalar uchun uzoq muddatli va oldindan prognoz qilish mumkin boʻlgan sharoitlarni yaratish atrofida birlashtirmoqdamiz.

Shu bilan birga, Kengashda ishtirok etishga boʻlgan qiziqish oʻsishda davom etmoqda. Biz xalqaro kompaniyalar va taraqqiyot institutlari tomonidan juda koʻplab arizalar tushayotganini koʻryapmiz. Ularni ko‘rib chiqish va Kengashga qabul qilish masalasiga esa yanada tizimli yondashmoqdamiz: biz uchun nafaqat investitsiyalar hajmi, balki ularning iqtisodiyotga qo‘shayotgan real hissasi – ish o‘rinlari yaratish, texnologiyalar transferi, inson kapitalini rivojlantirish, mahalliylashtirish va mamlakatda uzoq muddat faoliyat yuritish, Kengash ishiga hissa qo‘shish hamda tashabbuslarni amalga oshirishgacha yetkazish uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyorlik ham muhimdir.

Ishchi guruhlarning yangi modeli: muloqotdan islohotlarni birgalikda amalga oshirishga

2025-yilga qadar Kengashning ishchi guruhlari asosan investorlardan tashkil topgan edi. Ular muammolarni muhokama qilib, takliflar shakllantirar va ularni vazirliklarga topshirar edi.

Oʻtgan yili investorlar yangi formatni taklif qildi: vazirliklararo ishchi guruhlar tashkil etilib, unda guruh rahbari sifatida tegishli vazirlik yoki idora, hamrahbar sifatida esa Kengash a’zosi boʻlgan xorijiy investor ishtirok etmoqda.

Oxirgi bir yil ichida ishchi guruhlar soni 5 tadan 16 taga koʻpaydi. Ularning kun tartibi birmuncha kengaydi: an’anaviy investitsiya muhiti masalalari bilan bir qatorda mamlakatning kelajakdagi raqobatbardoshligini belgilab beruvchi yangi yoʻnalishlar – sun’iy intellekt, sirkulyar (aylanma) iqtisodiyot, muqobil investitsiyalarni rivojlantirish, boshqaruv kompetensiyalarini oshirish va boshqa mavzular paydo boʻldi.

Bu nima uchun kerak? Transmilliy kompaniyalar va xalqaro moliya institutlari dunyoning oʻnlab mamlakatlarida ulkan ish tajribasiga ega. Ular u yoki bu regulyatorlik qadamlarining oqibatlarini ijobiy va salbiy tomonlarini yaxshi bilishadi. Davlat organi yangi tartibga solish modelini koʻrib chiqayotganda, Kengash ishtirokchilari xalqaro tajriba, ma’lumotlar va amaliy ekspertizani taqdim eta olishadi.

Shu bilan birga, Kengash ichida muvozanat qat’iy ta’minlangan. Agar biron-bir taklif faqat bitta kompaniyaning tijorat manfaatlarini ifodalasa, hamkasblar muhokamani darhol tizimli samaradorlik mavzusiga qaytarishadi. Bizning maqsadimiz qonunchilik shaffof, yoʻriqnomalar tushunarli, oʻyin qoidalari esa uzoq muddatga moʻljallangan boʻlishiga erishishdir.

Investorlar tashabbuslari: muhokamalardan «Yoʻl xaritasi»ga

2026-yil iyun oyidagi uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev Kengash oddiy muhokama maydonchasidan institutsional tashkilotga aylanganini ta’kidladi. Buning asosiy isboti esa bajarilgan ishlar hajmidir. 2026-yilgi yalpi majlisga biz rekord darajadagi 120 ta tashabbusni tayyorladik.

Kompaniyalar faolligi oʻtgan yil davomida bir necha baravarga oshdi. Oʻtgan yilgi yalpi majlisdan to hozirgisiga qadar biz ishchi guruhlarning 55 ta yigʻilishini oʻtkazdik. 18-may kuni oraliq majlis oʻtkazib, taqdim etilgan har bir tashabbusni batafsil muhokama qildik.

Takliflar Prezidentga taqdim etildi. Yalpi majlisda davlat rahbari hukumatga ushbu tashabbuslar sifatli joriy etilishi uchun ularning ijrosini qatʼiy nazoratga olishni topshirdi. Hozirda biz prezidentning tegishli qarori va «yoʻl xaritalari» chiqishini kutmoqdamiz.

Dinamikani tushunish uchun: 2024-yilda 14 ta tashabbus amalga oshirilgan boʻlsa, oʻtgan yili 226-sonli qarorga taklif etilgan 45 ta tashabbusdan 22 tasi kiritilgan edi. Bu yil esa biz 120 ta taklif taqdim qildik. Ularning yarmi «yoʻl xaritalari»dan joy olgan taqdirda ham bu oldinga tashlangan ulkan qadamdir.

Investorlar tashabbuslaridan — yangi qonunchilik sari

Bu raqamlar shunchaki quruq statistika boʻlib qolmaydi.

Oʻtgan bir yil davomida Kengashning bevosita ishtirokida sakkizta normativ-huquqiy hujjat loyihasi ustida ish olib borildi. Ular muqobil investitsiya fondlari, masʼuliyatli biznes yuritish, soliqqa oid tartibga solish, elektr energetikasi, davlat-xususiy sherikligi, yer masalalari hamda moliyaviy hisob tizimini xalqaro talab va standartlarga muvofiqlashtirish kabi sohalarni qamrab olgan.

Bunga eng yaqqol misollardan biri – «Muqobil investitsiya fondlari toʻgʻrisida»gi qonun loyihasi. U Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi rahbarligida, Vision Invest, IFC, bozor ishtirokchilari va xalqaro ekspertlar koʻmagida tegishli ishchi guruh doirasida tayyorlandi.

Bu shunchaki yangi qonun emas. Gap private equity (xususiy kapital), venture capital (venchur kapitali), infratuzilma fondlari va uzoq muddatli institutsional kapitalning boshqa shakllarini rivojlantirish uchun huquqiy asos yaratish haqida bormoqda. Oʻzbekiston uchun bu yanada diversifikatsiyalashgan investitsiya ekotizimini shakllantirish va xususiy sektorni moliyalashtirishning yangi mexanizmlarini yaratish imkoniyati.

Nafaqat tartibga solish: investitsiya siyosatiga yangicha yondashuvlar

Yana bir muhim oʻzgarish shundaki, Kengash asta-sekin faqat regulyatorlik toʻsiqlari bilan ishlash doirasidan chiqib bormoqda.

Zamonaviy investitsiya siyosati yangi tendensiyalarni oldindan koʻra bilish qobiliyatini talab qiladi. Shu boisdan xalqaro investorlar va hamkorlarning faol ishtirokida yil davomida Oʻzbekistonning kelajakdagi raqobatbardoshligini belgilab beruvchi mavzular boʻycha beshta tahliliy ma’ruza tayyorlandi.

Bular investitsiya faoliyati samaradorligini kompleks baholash, kreativ investitsiyalar, boshqaruv kompetensiyalarini rivojlantirish, Markaziy Osiyo va Kavkazning investitsiya muhiti hamda sirkulyar iqtisodiyot mavzularidir.

Bizning vazifamiz – Kengashdan nafaqat biznesning bugungi muammolarini hal qilish, balki investitsiya siyosatiga yangicha yondashuvlarni ishlab chiqish va sinab koʻrish maydonchasi sifatida foydalanish. Xalqaro kompaniyalar ulkan amaliy bilimlar bazasiga ega va ushbu ekspertizadan iqtisodiyotning yangi oʻsish nuqtalarini aniqlashda foydalanish juda muhim.

Geografik chegaralardan tashqariga chiqish: Mintaqaviy alyans tuzish

Kengashning 2026-yildagi eng keng koʻlamli takliflaridan biri Oʻzbekiston hududidan tashqariga chiqdi. Ehtimol, mintaqaviy alyansning tashkil etilishi yilning eng qiziqarli va strategik loyihalaridan biri boʻldi. Oldin Kengash faqat Oʻzbekiston ichida koʻprik vazifasini bajargan. Biroq zamonaviy yirik investor xavfsiz bandargoh izlab, portfellarini diversifikatsiya qilar ekan, alohida bir mamlakatga emas, balki butun mintaqaga qaraydi.

Oʻzbekiston 2017-yildan buyon YIM oʻsishi, islohotlar va reytinglarning yaxshilanishi boʻyicha mintaqada eng yaxshi natijalarni koʻrsatdi. Ammo bir mamlakat iqtisodiyoti qoʻshnilaridan ajralgan holda rivojlana olmaydi. Agar investor uchun bu yerda ideal sharoitlar yaratilgan boʻlsa, u uchun ushbu standartlarni qoʻshni bozorlarga tatbiq etish, ya’ni replikatsiya qilish ustuvor ahamiyat kasb etadi.

Yil davomida murakkab muzokaralar olib bordik. Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida ilk inauguratsion uchrashuv oʻtkazildi va Investitsiya kengashlari mintaqaviy alyansini tashkil etish toʻgʻrisidagi memorandum rasman imzolandi. Ayni paytda alyansga yettita davlat – Markaziy Osiyo mamlakatlari, shuningdek, Kavkazdan Armaniston va Gruziya a’zo boʻlgan. Ushbu tashabbus XMI, jumladan, YTTB va OTB tomonidan faol qoʻllab-quvvatlandi. Prezident ham yalpi majlisda uning ahamiyatini alohida ta’kidladi. Yil oxirigacha Ozarbayjon va Moʻgʻuliston bilan muzokaralarni yakunlash rejalashtirilgan.

Alyansning amaliy ahamiyati standartlarni birxillashtirish va islohotlar boʻyicha eng yaxshi tajribalarni almashishdan iborat. Tasavvur qiling, agar yetti davlat hududida, masalan, davlat-xususiy sheriklik bilan ishlash boʻyicha qonunchilik hujjatlarini birxillashtira olsak, bu yirik kapital uchun ulkan yagona bozorni ochadi. Mamlakatlar oʻrtasida investitsiyalar uchun raqobat saqlanib qoladi, biroq bu mintaqani evolyutsion taraqqiyotga undaydigan sogʻlom raqobat boʻladi. Darvoqe, Toshkentda Xalqaro moliya markazining tashkil etilishi ham Kengash doirasida boshlangan ushbu islohotlar zanjirining tabiiy davomidir.

Kapital bozori evolyutsiyasi va Korporativ boshqaruv kodeksi

Hozirgi vaqtda Oʻzbekistonda xususiylashtirish va yirik davlat kompaniyalarining IPO jarayonlari faol davom etmoqda. Yaqinda bozorga UzNIF chiqdi, navbatda Uzbekistan Airways. Kengash tomonidan korporativ boshqaruvni yaxshilash boʻyicha vazirliklararo ishchi guruhga, jumladan, Templeton Global Investments kompaniyasining Markaziy Osiyo boʻyicha CEOʻsi Marius Dan rahbarlik qilmoqda.

Korporativ boshqaruv – bu kapital bozori uchun poydevor boʻlib, u minoritar investorlarning (xoh u yirik fond boʻlsin, xoh 10 million soʻm tikkan oddiy fuqaro) huquqlarini himoya qiladi. Usiz yirik tuzilmalar kichik aksiyadorlarning kapitalini sezmay qolishlari mumkin.

2026-yilgi yalpi majlisda prezident eng muhim tashabbuslardan biri – yagona Korporativ boshqaruv kodeksini ishlab chiqish va yaratishni qoʻllab-quvvatladi. Kapital bozori boʻyicha blokimizning 13 ta tashabbusi ichida bu eng asosiysi boʻladi. Qimmatli qogʻozlar bozori uzoq vaqt davomida eng zaif boʻgʻinlardan biri boʻlib kelgan edi, lekin hozir uning tabiiy tezlashish vaqti keldi. Franklin Templeton va BlackRock kabi ishtirokchilarning kirib kelishi buning eng yaxshi isbotidir. Ular allaqachon shu yerda va pul tikmoqda.

Investorning yangi qiyofasi: uzoq muddatli istiqbol va inson kapitaliga tikilgan stavka

Agar islohotlarga retrospektiv nuqtai nazardan baho beradigan boʻlsak, oʻtmish va bugungi kun oʻrtasidagi farq juda katta. Bozor endigina ochilib, liberallashtirish boshlanganda va valyutaning erkin konvertatsiyasi joriy etilganda, bozorga birinchi boʻlib konsultantlar kirib kelgan edi. Ular oson va tez pul qidirishgan. Uzoq muddatli strategiyalar deyarli yoʻq edi.

Bugungi kunda investorning qiyofasi tubdan oʻzgardi. Bu yerga mamlakatning 2030-yilgacha va undan keyingi uzoq muddatli rivojlanish trayektoriyasini koʻra oladigan yirik strategik ishtirokchilar kelmoqda. Oʻzbekistonda allaqachon 2040 va 2050-yillarga moʻljallangan strategiyalar konsepsiyasi ustida ish olib borilmoqda. Investorlar ushbu dasturlarga qiziqish bildirishmoqda. Ammo investorning uzoq muddatli maqsadga ega ekanligining asosiy belgisi – bu uning inson kapitaliga sarmoya kiritishga tayyorligidir. Bugungi kunda oʻndan ortiq eng yirik xorijiy investorlar Oʻzbekistondagi taʼlim loyihalariga millionlab dollar mablagʻ ajratmoqda, maktablar qurmoqda, trening markazlari ochmoqda. Tez foyda olish ilinjida kelgan biznes hech qachon ta’limga sarmoya kiritmaydi.

Kapital Oʻzbekistonga oʻz boyligini barqaror va xavfsiz bandargohda qurish va kapitallashtirish uchun kelmoqda. Bunda ular kuchli demografik omilga – respublika aholisining har yili qariyb bir million kishiga koʻpayishiga hamda bu odamlarning tez oʻrganish qobiliyati va yuqori mehnat qilish ishtiyoqiga tayanishadi.

Kengashning ichki faoliyati va biznesning asosiy talabi

Matbuotga odatda faqat rasmiy press-relizlar chiqadi. Ammo parda ortiga nazar tashlab, subyektivlikni chetga surib qoʻysak, istisnosiz barcha investorlar eng muhim jihatni qayd etishadi: davlat ularni eshitadi va islohotlarga tayyor.

Investorlar boshqa mamlakatlardagi, jumladan, qoʻshni davlatlardagi shu kabi kengashlardagi ishtirok etish tajribasi bilan oʻrtoqlashib, ochiqchasiga aytmoqda: «Oʻzbekistondagidek interaktiv muhit hech qayerda yoʻq». Yalpi majlis davomida prezident rasmiy ssenariyni chetga surib, ochiq mikrofon eʼlon qilganda va savollarni oldindan kelishmasdan kompaniyalarga soʻz berganda, soʻngra tegishli vazirlarni joyidan turgʻizib, «qizil bayroqlar» (muammolar) boʻyicha tezkor qarorlar talab qilganda – bu xalqaro biznesda juda katta taassurot qoldiradi. Bu shunchaki protokol uchun kulivarlardagi suhbat emas, bu tezkor harakat demakdir.

Shu bilan birga, vazirliklardagi amaldorlar ham oʻz yondashuvini oʻzgartirdi. Ular shunday demoqda: «Bizga mavhum tanqid va amalga oshirib boʻlmaydigan gʻoyalar kerak emas. Bizga aniq harakatlar rejasini bering, xalqaro tajriba asosida uning ishlashini va boshqa tarmoqlarga zarar yetkazmasligini isbotlang. Shunda biz bu tashabbusni qoʻllab-quvvatlab, oldinga harakat qilamiz».

Kengash aynan mana shunday amaliy ekspertizasi bilan faxrlanadi. Har bir tashabbus har tomonlama va puxta ishlab chiqiladi. Darvoqe, yirik investitsiyalar hayotni qogʻozda emas, balki oddiy fuqarolar darajasida qanday oʻzgartirayotganini koʻrsatish maqsadida biz katta media loyihani – «Investitsiyalar ovozi» hujjatli filmini ishga tushirmoqdamiz. Unda xorijiy biznesning oddiy vakillari oʻz faoliyati haqida soʻzlab beradi.

Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, Oʻzbekiston hukumati yirik kapitalning ishonchini bundan buyon ham toʻliq oqlashi uchun amal qilishi zarur boʻlgan eng muhim tamoyilni aytadigan boʻlsak, u juda sodda yangraydi: izchil boʻlish.

Mavzu bo'yicha materiallar
Ikboljon Kasimov
Ikboljon Kasimov
Oʻzbekiston eksport paradoksi
Savdoni yengillashtirish bo‘yicha islohotlar natija berdi, biroq undan kutilgan eksport faolligidagi o‘sish hali yuzaga chiqmagan